Yandex Uzbekistan $20 mlnlik venchur fondni taqdim etdi
Yango Ventures fondi Seed’dan Series B’gacha bo‘lgan istiqbolli loyihalarga sarmoya kiritadi

Yandex Uzbekistan O‘zbekistondagi istiqbolli startaplarga sarmoya kiritish uchun Yango Ventures venchur fondini taqdim etdi. Fondning O‘zbekistondagi rejalari ICT Week 2025 doirasida o‘tkazilgan startaplar va investorlar uchrashuvida e’lon qilindi.
Yango Ventures Seed’dan Series B’gacha bo‘lgan bosqichdagi loyihalarga yo‘naltirilgan bo‘lib, asosan O2O, B2B SaaS va FinTech yo‘nalishlarini qamrab oladi. Fond $20 mln boshlang‘ich kapital bilan ish boshlagan va kelgusida investitsiya hajmini kengaytirish rejalashtirilgan.
Yandex Uzbekistan vakillarining ta’kidlashicha, yangi fond startaplar uchun kapitalga kirishni ta’minlash bilan birga kompaniyaning global tajribasi va aloqalaridan foydalanish imkonini ham beradi. Bu esa loyihalarning masshtablanishi va barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Fondning ekspertlar kengashi mobillik, fintex, sun’iy intellekt va ko‘ngilochar sohalarda katta tajribaga ega mutaxassislardan iborat.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ