Toshkentda yagona yo‘l harakati boshqaruvi markazi tashkil etiladi
Sun’iy intellekt asosidagi platforma tirbandliklarni prognoz qiladi va svetofor bosqichlarini moslashtiradi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtda transport tizimini takomillashtirish va tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi yillarda shahar avtobus parki ikki barobar oshib, deyarli 1900 taga yetdi. Bu esa qatnov intervalini 15 daqiqagacha qisqartirdi va kunlik yo‘lovchilar soni 1,4 mln nafarga yetdi. Metro liniyalari uzunligi 70,5 km.ga, stansiyalar soni esa 50 taga yetib, kuniga 900 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, yo‘l infratuzilmasi yangilandi — minglab yo‘l belgisi va o‘nlab svetoforlar almashtirildi.
Shunga qaramay, asosiy yo‘llardagi yuklama ikki barobar oshdi, 7–8 ballik tirbandliklar esa odatiy holga aylandi. Shaxsiy avtomobillar jamoat transportiga nisbatan ko‘proq qo‘llanilishi ekologiya uchun salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Muammoni hal etish maqsadida intellektual transport tizimini (ITS) joriy etib, yagona Yo‘l harakati boshqaruvi markazini yaratish taklif qilindi.
Yangi markaz transport oqimlarini modellashtirish, to‘xtash joylarini boshqarish va elektromobillar infratuzilmasini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Sun’iy intellekt yordamida platforma kameralar va sensorlardan olingan ma’lumotlarni real vaqt rejimida tahlil qiladi. Bu tirbandliklarni prognoz qilish, marshrutlarni optimallashtirish va tezkor xizmatlarga ustuvor o‘tish imkonini beradi.
Tizim yo‘lga sarflanadigan vaqt va avariyalar sonini qisqartirishi kutilmoqda. Davlat rahbari loyihaning pilot bosqichini joriy yilning o‘zida yo‘lga qo‘yishni, 2030-yilgacha esa tajribani mamlakatning barcha hududlarida tatbiq etishni topshirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ