2026-yil 1-sentabrgacha Yagona ekologik onlayn platforma faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Shuningdek, keshbek pullarini daraxt ekishga ixtiyoriy yo‘naltirish mumkin bo‘ladi
Prezidentning tegishli qarori bilan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Uning faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi va bevosita prezidentga hisobdor hisoblanadi.
Qonunosti hujjatlarida belgilangan ekologiya sohasidagi hukumatning vakolatlari, ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgungacha Ekologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qo‘mita raisining 4 nafar o‘rinbosari prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy xizmat va transport ta‘minoti sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda prezident maslahatchisi o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
Ekologiya qo‘mitasining mansabdor shaxslari uchun avvalgi ish joyida berilgan uzoq muddatli xizmatlari, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustama va qo‘shimcha to‘lovlar saqlanib qoladi. Qo‘mitada ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni berish uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi.
2026-yil 1-sentabrgacha Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Yagona ekologik onlayn platforma faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Atrof-muhitga ta‘sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifaga mansub sanoat korxonalari 2026-yil 1-martgacha o‘z hududlarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatadi va ularni Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qiladi.
Ushbu sanadan boshlab belgilangan muddatda fon monitoring stansiyalarini o‘rnatmagan va ularni integratsiya qilmagan korxonalarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini besh baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi.
Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi.
Soliq mobil ilovasi orqali jismoniy shaxslarga xarid summasining budjetdan qaytariladigan qismi ixtiyoriy ravishda daraxt ko‘chatlarini ekishga yo‘naltirish imkoniyati yaratiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ