Jahongir Po‘latov: xususiy ta’limda sifat va masshtab muvozanati

Cambridge Learning Center va Jahon School asoschisi ta’lim biznesining ichki iqtisodiyoti haqida

Jahongir Po‘latov: xususiy ta’limda sifat va masshtab muvozanati

Ta’lim biznesida eng katta xato — maktabni faqat bino va dars jadvali sifatida ko‘rish. Jahongir Po‘latov esa bu modeldan ancha oldin voz kechgan. Bugun u asos solgan Cambridge Learning Center va Jahon School an’anaviy o‘quv markazi chegarasidan chiqib, tizimli ta’lim yondashuvini shakllantirmoqda.

Kapital.uz bilan suhbatda tadbirkor ta’limga bo‘lgan qarashi qanday o‘zgargani, sohada duch kelinayotgan real chaqiriqlar va kelajakda o‘quvchilar uchun qaysi ko‘nikmalar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi haqida so‘zlab berdi.

Ingliz tili markazidan maktabgacha bo‘lgan yo‘l

Cambridge Learning Center va Jahon School turli davrlarda va turli ehtiyojlardan kelib chiqib tashkil etilgan. Cambridge Learning Center 2014-yilda, ingliz tiliga va IELTS imtihoniga bo‘lgan talab keskin ortgan paytda ish boshlagan.

Cambridge Learning Center’ni ochishdan asosiy maqsad — o‘sha davrda ingliz tiliga bo‘lgan ehtiyojga javob berish va bu jarayonga hissa qo‘shish edi, — deydi tadbirkor.

Yillar davomida tadbirkorning ta’lim tizimiga bo‘lgan qarashi sezilarli darajada o‘zgargan. Natijada 2025-yilda Jahon School loyihasi ishga tushirilgan.

 

Bu davrga kelib, men ta’lim tizimiga boshqacha nazar bilan qaray boshladim. Afsuski, ko‘plab maktablar uch mahal ovqatli repetitorga o‘xshab qolgan — ayrim fanlarga urg‘u beriladi, lekin bolaning umumiy dunyoqarashi va fundamental bilimlari yetarli darajada shakllanmaydi, — deya ta’kidladi Jahongir Po‘latov.

Jahon School: maktabning asl vazifasini qaytarish

Jahon School konsepsiyasining markazida maktabning asosiy funksiyasini tiklash g‘oyasi turadi. Ya’ni, bola 11 yil davomida barcha fanlardan fundamental bilim olishi, dunyoqarashi shakllanishi va mustaqil hayotga tayyor bo‘lishi kerak.

Maktabda 9-sinfgacha barcha fanlar majburiy o‘qitiladi. 9-sinfdan keyin esa o‘quvchilar ijtimoiy, tabiiy va aniq yo‘nalishlarga ajratiladi — bu ularning qiziqishi va kuchli tomonlariga mos ravishda amalga oshiriladi.

Akademik darslardan tashqari, maktabda kunning ikkinchi yarmi amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan. O‘quvchilar 20 dan ortiq to‘garaklarda qatnashadi: IT, robototexnika, kulolchilik, tikuvchilik, qandolatchilik, rassomchilik, kaligrafiya, shaxmat, kamonbozlik va sport yo‘nalishlari shular jumlasidan. “Paxtakor” klubi bilan hamkorlikda futbol mashg‘ulotlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Biz maktabni bolani katta hayotga kompleks tayyorlaydigan tizim sifatida ko‘ramiz, — deydi tadbirkor.

Shuningdek, Jahon School’da Yaponiya va Janubiy Koreya tajribasidan olingan elementlar mavjud: o‘quvchilar sinflarni o‘zlari tozalaydi, kichik sinflar ovqat tarqatish jarayonida ishtirok etadi. Bu yondashuv bolalarda mas’uliyat va mustaqillikni shakllantirishga xizmat qiladi.

Loyihalarni ishga tushirishdagi asosiy qiyinchiliklar

Cambridge Learning Center faoliyatini boshlagan davrda asosiy muammo tajribaning yetishmasligi bo‘lgan. Jahon School’da esa vaziyat boshqacha kechdi — asosiy chaqiriq kadrlar masalasi bo‘ldi.

Biz o‘qituvchilarga juda yuqori talablar qo‘ydik. Natijada har 100 nafar nomzoddan o‘rtacha ikki nafari saralashdan o‘ta oldi, — dedi Po‘latov.

Olti bosqichli tanlovga qaramay, o‘quv yili boshlanishiga qadar jamoa to‘liq shakllantirildi. Bundan tashqari, loyiha dastlabki rejadan ham yuqori natija ko‘rsatdi: 300–500 nafar o‘quvchi bilan boshlash rejalashtirilgan bo‘lsa-da, birinchi yilda 730 nafar bola qabul qilindi. Umuman olganda, maktabga qiziqish bildirgan ota-onalar soni 3 mingga yaqin bo‘lgan.

Investitsiyalar va xarajatlar tuzilmasi

Cambridge Learning Center dastlab katta investitsiyasiz boshlangan: ijaraga olingan tayyor joy va asoschining shaxsan dars berishi loyihani tez yo‘lga qo‘yishga imkon bergan.

Jahon School esa yirik loyiha bo‘lib, AKFA Group bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Umumiy investitsiya hajmi $5–6 mln atrofida baholanadi.

Loyiha birinchi oydanoq operatsion darajada o‘zini oqlay boshladi, — deydi tadbirkor.

Ta’lim biznesida asosiy operatsion xarajatlar xodimlar ish haqiga to‘g‘ri keladi — ayrim hollarda bu umumiy xarajatlarning 50%dan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Keyingi o‘rinlarda ijara, marketing va kommunal xarajatlar turadi.

Sifat nazorati va standartlarni saqlash

Ikkala loyihada ham sifat nazorati ikki yo‘nalishda olib boriladi: o‘qituvchilar faoliyati va o‘quvchilar bilim darajasi.

Cambridge Learning Center’da har uch oyda maxsus imtihonlar o‘tkaziladi. Jahon School’da esa har chorak yakunida va qo‘shimcha ravishda mustaqil ekspertlar tomonidan tuzilgan testlar asosida bilimlar baholanadi.

O‘qituvchilar savollarni oldindan bilishmaydi. Bu o‘quvchining real bilimini ko‘rish imkonini beradi, – dedi Jahongir Po‘latov.

Raqobat va farqlanish strategiyasi

Bugungi kunda O‘zbekistonda 38 mingga yaqin o‘quv markazi va repetitorlar faoliyat yuritadi. Shunday sharoitda bozorda qolish uchun innovatsiya, jamoaning doimiy rivoji va zamonaviy o‘quv materiallari muhim ahamiyatga ega.

Cambridge Learning Center o‘quv dasturlarini muntazam yangilab boradi, yoshlar uchun mos Cambridge University Press materiallariga o‘tgan va gibrid ta’lim formatlarini joriy etgan.

Hududiy filiallar va boshqaruv

Bugungi kunda Cambridge Learning Center’ning Toshkentdan tashqari Farg‘ona va Samarqandda ham filiallari mavjud. Boshqaruv yagona menejerlik tizimi, raqamli metrikalar va doimiy masofaviy audit orqali amalga oshiriladi.

Yangi filial ochishdan oldin hududdagi talab, to‘lov qobiliyati va yirik brendlarning mavjudligi tahlil qilinadi.

IT yechimlar — biznesning asosi

2020-yildan boshlab loyihalar o‘zining mustaqil IT ekotizimi asosida rivojlanmoqda. O‘quvchilar, ota-onalar, o‘qituvchilar va menejment uchun alohida platformalar ishlab chiqilgan.

IT yechimlarsiz na kengayish, na barqaror faoliyatni tasavvur qilish mumkin, — deydi Po‘latov.

Ta’limning kelajagi va strategik rejalar

Jahongir Pulatov fikricha, yaqin 10–15 yil ichida oliy ta’lim qisqa muddatli, amaliy ko‘nikmalarga yo‘naltirilgan formatlarga o‘tadi. Maktab ta’limi esa fundamental bilim beruvchi asosiy institut bo‘lib qoladi.

Kelgusi 3–5 yil ichida Cambridge Learning Center filiallari sonini 30 taga yetkazish, Jahon School’ni esa Toshkent va viloyat markazlarida kengaytirish rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Hisob-kitoblar va soliq hisobi uchun yangi platforma qanday ishlaydi
/
Hisob-kitoblar va soliq hisobi uchun yangi platforma qanday ishlaydi
Rossiya O‘zbekistonda sanoat ishtirokini kengaytirmoqda: yangi loyihalar, lokalizatsiya va eksport rejalari
/
Rossiya O‘zbekistonda sanoat ishtirokini kengaytirmoqda: yangi loyihalar, lokalizatsiya va eksport rejalari
O‘zbekistonda 1 oylik harbiy xizmat qancha turadi
/
O‘zbekistonda 1 oylik harbiy xizmat qancha turadi