O‘zbekistonga kirayotgan qoraytirilgan oynali xorijiy avtomobillar uchun yig‘im tartibi soddalashtirildi
Endi majburiy to‘lov faqat old yon oynalar qoraytirilgan taqdirda undiriladi, to‘lovlar esa QR-kod orqali elektron tarzda amalga oshiriladi
Xorijiy davlatlarning oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yig‘imlarni undirish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, oynalari qoraytirilgan xorijiy avtotransport vositalari uchun majburiy yig‘imlarni undirish tartibi tubdan soddalashtirildi. Jumladan, endi majburiy yig‘im xorijiy avtotransport vositasining faqatgina old yon oynalari qoraytirganligi uchun undiriladi. Ilgari amalda bo‘lgan old, yon va orqa oynalar uchun majburiy yig‘imlar talabi bekor qilindi.
Shuningdek, endi to‘lovlarni “E-tranzit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan QR-kod yordamida elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘lovni tekshirish jarayonida kvitansiya nusxasi bilan bir qatorda tizimdagi yagona hisobvaraq ma’lumotlari ham rasmiy hujjat sifatida tan olinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-iyuldagi “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, xorijiy davlatlarning tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga vaqtincha kirishi va tranziti uchun davlat budjetiga tushadigan 15 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.
O‘zbekistonda orqa oyna va orqa eshik oynalarini ruxsatsiz va bepul qoraytirish mumkin. Jismoniy shaxslar uchun old eshik oynalarini qoraytirish yiliga 8 BHM (3 mln 296 ming so‘m) turadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ