Xitoyda elektromobillar savdosi fevral oyida 1,8 mln donagacha kamaydi
Eng katta pasayish BYD kompaniyasida kuzatilib, brend savdosi 64,3%ga qisqargan
Фото: ТАСС
Xitoy Avtomobil ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (CAAM) ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy savdo hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,2%ga qisqardi. Yo‘lovchi avtomobillari segmentida pasayish 15,4%ni tashkil etdi. Natijada fevral oyida sotuvlar hajmi 1,8 mln donagacha tushdi.
Pasayishning asosiy sababi davlat imtiyozlarining bekor qilinishi hisobiga yuz berdi. 2026-yil boshidan boshlab Xitoy hukumati elektromobillar (NEV) xaridiga berilgan soliq imtiyozlarini to‘xtatdi hamda eski transport vositalarini yangilash dasturlarini moliyalashtirishni bekor qildi. Bundan tashqari, oy davomida Oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil bayrami uzoq davom etgani sababli dilerlik markazlari atigi 16 kun to‘liq faoliyat yuritdi. Mutaxassislar 2025-yil oxirida subsidiya bekor qilinishini kutib, xaridorlar tomonidan ommaviy xaridlar amalga oshirilgani ham ta’sir qilganini ta’kidlamoqda.
Eng katta pasayish BYD kompaniyasida kuzatilib, brend savdosi 64,3%ga kamaydi. Seagull va Qin Plus modellari bo‘yicha talab mos ravishda 78% va 73%ga tushdi, Song Pro krossoveri esa umumiy reytingda 27-o‘rinni qayd etdi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday natijalar “narxlar urushi” strategiyasining samarasi kamaygani va xaridorlarning sezilarli chegirmalarsiz avtomobil sotib olishga qiziqishi pasaygani bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, ayrim ishlab chiqaruvchilar barqarorlikni saqlab qoldi. Geely 112,8 ming dona natija bilan yetakchilikni saqlab qoldi, biroq uning ko‘rsatkichlari ham 24,6%ga kamaygan. Tesla esa savdoni 42,7%ga oshirdi, Model Y modeli eng ko‘p sotilgan avtomobillar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egalladi. Yangi Li i6 krossoveri ham ishlab chiqarish boshlanganidan besh oy o‘tib, umumiy reytingda oltinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Ichki bozordagi vaziyat ortiqcha ishlab chiqarish bilan ham murakkablashmoqda. Omborlardagi sotilmay qolgan avtomobillar zaxirasi 3,57 mln donaga yetdi, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 580 ming dona edi. Shu sharoitda ishlab chiqaruvchilar tashqi bozorlarga e’tiborni kuchaytirmoqda, fevral oyida Xitoy yengil avtomobillari eksporti 58%ga oshdi va ichki talab pasayishini qisman qoplashga xizmat qilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ