“China State Construction” Toshkent viloyatida sanoat zonasini tashkil etish va yo‘l qurilishi bilan shug‘ullanadi
Shuningdek, “ZTO Express” aqlli logistika omborlarini yaratishga ko‘maklashadi

Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Xitoyning “China State Construction”, “China General Nuclear Power”, “CAMCE”, “Goldwind” va “ZTO Express” kabi yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
“China State Construction” direktorlar kengashi raisi Chjen Syuesyuan bilan suhbatda Toshkent shahrining yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik natijalari yuqori baholandi. Shuningdek, poytaxtda madaniyat inshootlarini barpo etish bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Tomonlar Toshkent viloyatida sanoat zonasini tashkil etish loyihasini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Xitoy kompaniyasining avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarida ishtirokini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
“China General Nuclear Power” kompaniyasi vakili Yan Chanli bilan o‘tkazilgan muzokaralarda geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va yangi konlarni o‘zlashtirishga qiziqish bildirildi. Prezident kompaniyaning gibrid quyosh elektr stansiyasini qurish hamda bojxona yuklarini skanerlash texnologiyalarini joriy etish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
“Goldwind” kompaniyasi raisi Vu Gang bilan yashil energetika masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar shamol generatorlari ishlab chiqarishni yanada mahalliylashtirish va joriy loyihalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
“ZTO Express” kompaniyasi rahbari Xu Syanlyan Shavkat Mirziyoyevga mamlakatda tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish va aqlli logistika omborlarini yaratishga ko‘maklashish uchun onlayn platformani ishga tushirish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ