O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalarini 12,25% stavkada joylashtirdi
Markaziy bank xabariga ko'ra, milliy valyutadagi suveren obligatsiyalar foizlari pasaygan
Фото: Getty Images
O‘zbekiston suveren xalqaro obligatsiyalarini 12,25% stavkada joylashtirdi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.
Ta’kidlanishicha, 31-mart kuni ichki moliya bozorida o‘tkazilgan auksionda 300 mlrd so‘mlik uch yillik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari 12,39% stavkada joylashtirilgan. Ichki bozorda yirik hajmdagi mablag‘larni jalb qilish imkoniyati cheklangan bir sharoitda tashqi bozordan nisbatan past foiz stavkasida mablag‘ jalb qilinishi xalqaro investorlarning mamlakatdagi narxlar barqarorligi bo‘yicha ijobiy kutilmalarini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda milliy valyutada chiqarilgan xalqaro obligatsiyalar bo‘yicha stavkalarning pasayishi ham kuzatilmoqda. Jumladan, 2024-yilda 16,625%, 2025-yilda 15,5% bo‘lgan stavkalar 2026-yilda 12,25% gacha tushdi. Bu mamlakat suveren risk-premiyasi kamayib borayotgani va tashqi kapital qiymati arzonlashayotganini anglatadi.
Shuningdek, milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalarga qiziqish O‘zbekistonning suveren kredit reytingi xalqaro agentliklar tomonidan “BB” darajasigacha ko‘tarilgani bilan bog‘liq. Natijada, AQSh dollaridagi O‘zbekiston suveren obligatsiyalarining ikkilamchi bozordagi foizlari 2025-yil may–dekabr oylarida o‘rtacha 1,08% ga pasaygan.
Milliy valyutadagi suveren obligatsiyalar quyidagi afzalliklarni bermoqda:
- ichki bozordagi obligatsiyalar foiz stavkalarini pasaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
- valyuta xatarlarining bir qismi xalqaro investor zimmasiga o‘tadi va davlat qarzi portfelidagi risklarni kamaytiradi;
- tranzaksiyaning GBI-EM indeksiga kiritilishi yangi institutsional va xususiy investorlarni jalb qilib, mamlakat emitentlarining xalqaro obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalarini pasaytirishga zamin yaratadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ