Wolt O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatadi
Yetkazib berish xizmati 2026-yil 5-martdan boshlab buyurtmalarni qabul qilmaydi
Фото: Wolt
Wolt O‘zbekistondagi bo‘linmasi 2026-yil 5-martdan boshlab o‘z faoliyatini rasman yakunlashini e’lon qildi. Kompaniya bu qaror “murakkab va puxta o‘ylangan” ekanini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 4-martgacha servis odatdagi tartibda ishlaydi — foydalanuvchilar ilova va sayt orqali buyurtma berishda davom etishi mumkin. 5-martdan boshlab esa yangi buyurtmalarni qabul qilish to‘liq to‘xtatiladi.
Faoliyat yopilgandan so‘ng ham mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati ishlashda davom etadi. U qaytarimlar, bonus va kreditlar, shuningdek avval rasmiylashtirilgan yetkazib berishlar bo‘yicha masalalarni hal qiladi.
Kompaniyaga ko‘ra, qarorning asosiy sababi — bozor sharoitlarining barqaror rivojlanish standartlariga mos kelmasligi. Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, biznes-model qator qiyinchiliklarga duch kelgan.
Xususan, kompaniya investitsiyalarni qayta ko‘rib chiqib, uzoq muddatli barqaror o‘sish imkoniyati yuqori bo‘lgan bozorlarga e’tibor qaratishga qaror qilgan. Shuningdek, O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos jihatlari servis sifatini talab darajasida saqlashga to‘sqinlik qilayotgani ta’kidlangan. Operatsion faoliyatni muntazam baholash natijalari ham amaldagi sharoitda barqaror biznes yuritish murakkabligini ko‘rsatgan.
Biz O‘zbekistonda yaratgan servisimiz bilan faxrlanamiz va uning bir qismi bo‘lgan barchaga, ayniqsa mijozlarimizga minnatdorchilik bildiramiz, — deyiladi kompaniya xabarida.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ