2030-yilgacha o‘zbekistonliklar uchun vizasiz davlatlar soni 50 taga yetkaziladi
Shuningdek, konsullik xizmatlari uchun mobil platforma ishga tushirilib, foydalanuvchilar soni 100 ming nafargacha oshiriladi
Фото: Uzbekistan Airways
2030-yilga kelib O‘zbekiston fuqarolari vizasiz safar qilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 50 taga yetkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjatda konsullik xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan maxsus mobil platforma yaratish ham belgilangan. Raqamlashtirish hisobiga 2026-yilda platformadan foydalanuvchilar sonini hozirgi 8,5 ming nafardan 15 ming nafargacha oshirish, 2030-yilga borib esa ularni 100 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, kelgusi besh yil davomida vizasiz rejim joriy etilgan davlatlar geografiyasini bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan. Jumladan, 2026-yilda yana 2 ta davlat bilan kelishuvga erishilib, umumiy ko‘rsatkich 37 taga yetadi. 2027-yilda bu raqam 5 taga oshib, 42 tani tashkil etadi. Keyingi yillarda esa vizasiz mamlakatlar soni 2028-yilda 45 taga, 2029-yilda 48 taga va 2030-yilda 50 taga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, 2026–2030-yillar oralig‘ida O‘zbekiston fuqarolari uchun soddalashtirilgan tartibda kirish mumkin bo‘lgan davlatlar sonini 60 taga yetkazish maqsad qilingan.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bugungi kunda o‘zbekistonliklar 35 ta davlatga vizasiz safar qilishi mumkin, shundan 31 ta davlatga to‘liq vizasiz kirish imkoniyati mavjud. Yana 42 ta davlat bilan soddalashtirilgan kirish rejimlari amal qilmoqda — ularning ayrimlariga kelgan vaqtda viza olish yoki elektron viza rasmiylashtirish mumkin.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi va boshqa qator davlatlar bilan ishchi va turistik vizalarni yengillashtirish bo‘yicha muzokaralar izchil davom ettirilmoqda. Bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich, aniq natijalarga yo‘naltirilgan, — deyiladi xabarda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ