“Uzum” Ummon suveren jamg‘armasidan $130 mln dan ortiq investitsiya jalb qildi
Mablag‘lar e-commerce va fintex yo‘nalishlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“Uzum” raqamli ekotizimi strategik investitsiya raundi doirasida $130 mln dan ortiq mablag‘ jalb qildi. Yetakchi investor sifatida Oman Investment Authority ishtirok etdi. Shuningdek, moliyalashtirishda kompaniyaning amaldagi investorlaridan VR Capital, Tencent va FinSight Ventures qatnashdi.
Bitim aksiyadorlik kapitaliga investitsiyalar hamda tizimli moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi. Kelishuv doirasida “Uzum”ning investitsiyadan oldingi (pre-money) bahosi $2,3 mlrd darajasida qayd etildi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, jalb qilingan mablag‘lar ekotizimning asosiy yo‘nalishlari — elektron tijorat va fintex servislarini rivojlantirish, shuningdek, texnologik infratuzilmani kengaytirishga yo‘naltiriladi. Bu orqali mamlakatning barcha hududlarida raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yil dekabr oyidagi murojaatida yuqori texnologiyali sohalarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish ustuvor vazifa ekanini ta’kidlagan edi. 2026-yilda $50 mlrd miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilish maqsadi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov mazkur bitim mamlakat investitsiya muhitini yaxshilash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi izchil islohotlar natijasi ekanini ta’kidladi.
“Uzum” asoschisi va bosh direktori Jasur Jumaev kompaniya milliy miqyosdagi texnologik infratuzilmani shakllantirishni davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Hozirda “Uzum” servislaridan oyiga 20 mln dan ortiq foydalanuvchi foydalanmoqda. 2025-yilda ekotizimning elektron tijorat yo‘nalishi aylanmasi 1,5 barobarga oshib, $500 mln dan ortiqni tashkil etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ