1-iyuldan ko‘p kvartirali uy uchun badal vaqtida to‘lanmaganda elektr to‘lovlari vaqtincha to‘xtatiladi
Shuningdek, majburiy to‘lovlarni kechiktirganda penya hisoblanishi ham belgilandi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
1-iyuldan boshlab turar joy mulkdori ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga majburiy to‘lovlarni (kvartplata) oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilish qarzdorlik to‘liq qoplangunga qadar to‘xtatib qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning 5-fevraldagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid qarorida qayd etilgan.
Ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘idagi mablag‘lar har oyda, birinchi navbatda, uyning elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qoplashga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, yangi tartib joriy etilmoqda: mulkdor tomonidan majburiy to‘lovlar kechiktirilgan har bir kun uchun to‘lov summasidan penya (jarima) hisoblanadi:
- yuridik shaxslar uchun — 0,4%;
- jismoniy shaxslar uchun — 0,1%.
Bunda penya miqdori har bir oy uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 50% idan oshib ketmasligi kerak.
Hisoblangan penya mablag‘lari teng ulushlarda ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga hamda “Mening uyim” tizimini saqlash xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
Ushbu sanadan boshlab majburiy to‘lovlar faqat bank kartalari, elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ