Raqobat qo‘mitasi barcha turdagi umumiy ovqatlanish korxonalarini ogohlantirdi
Qayd etilishicha, ayrim joylarda xizmat ko‘rsatish narxlari 20% va undan ortiq miqdorda belgilanmoqda
Raqobat qo‘mitasi xizmat ko‘rsatish narxlari 20% ayrim joylarda undan ham ortiq belgilanayotgani sababli O‘zbekistondagi barcha turdagi umumiy ovqatlanish korxonalarini ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaga umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarda ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–15%, ba’zan esa 20% gacha xizmat haqi qo‘shimcha to‘lov sifatida undirilayotgani hamda avvaldan depozit mablag‘lar talab qilinayotgani haqida fikrlar bildirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarori “O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish qoidalari” ga asosan, umumiy ovqatlanish korxonalari restoran, vagon-restoran, bar, kafe, mavsumiy kafe, kafeteriy, oshxona, choyxona, bufet va kichik oshxona kabi turlarga bo‘linadi.
- restoran — o‘z nomiga ega bo‘lgan, iste’molchilarga murakkab usulda tayyorlanadigan yuqori sifatli kulinariya va qandolatchilik mahsulotlarining keng assortimentini hamda ichimliklarni taqdim etadigan eng qulay umumiy ovqatlanish korxonasi. Restoran taomnomasiga majburiy tartibda porsiyali va firma ovqatlari kiritiladi. Xizmat ko‘rsatish dam olish, ovqatlar pishirish va xizmat ko‘rsatish bilan uyg‘unlashtirilgan holda yuqori malakali oshpazlar va ofitsiantlar tomonidan amalga oshiriladi;
- bar — tik turgan holda iste’molchilarga ichimliklar va zakuskalar bilan xizmat ko‘rsatishni tashkil qiladi. Sotiladigan ichimliklar va mahsulotlar turlariga ko‘ra barlar pivo, vino, kokteyl, sut barlari va boshqa barlarga ixtisoslashgan bo‘ladi;
- kafe — iste’molchilarga turli qaynoq va sovuq ichimliklar, qandolatchilik, sut mahsulotlari hamda tayyorlanishi murakkab bo‘lmagan kulinariya mahsulotlarini taqdim etadi. Sotiladigan mahsulotlari yoki yo‘nalishiga ko‘ra kafelar: shirinliklar, muzqaymoq, sut kafesi, bolalar kafesi, yoshlar kafesi va shu kabilarga ixtisoslashgan bo‘ladi, ularda o‘z o‘ziga xizmat ko‘rsatish yoki ofitsiantlar tomonidan xizmat ko‘rsatish usullari qo‘llaniladi, kechki vaqtlarda musiqiy xizmat ko‘rsatish tashkil etilishi mumkin;
- oshxona — bu iste’molchilarni nonushtalar, tushliklar va kechki ovqatlar bilan ta’minlovchi korxonadir. Ularda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish usuli qo‘llaniladi;
- bufet — bu iste’molchilarga cheklangan turdagi qaynoq va salqin ichimliklar, sovuq taomlar va zakuskalar, non-bulka va qandolatchilik mahsulotlari, shuningdek oson tayyorlanadigan issiq va shirin taomlar bilan jadal xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan korxonadir. Unda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish yoki ofitsiantlar tomonidan xizmat ko‘rsatish qo‘llaniladi;
- kichik oshxona — bu iste’molchilarga oson tayyorlanadigan taomlar va zakuskalar, qaynoq va salqin ichimliklar bilan jadal xizmat ko‘rsatishni tashkil etuvchi korxonadir. Sotiladigan mahsulotlar turiga ko‘ra kichik oshxonalar quyidagilarga ixtisoslashgan bo‘lishi mumkin: kabobxona, somsaxona, va boshqa shu kabilar.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 4, 19 va 21-moddalariga asosan, iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, ularni erkin tanlash hamda sifatli bo‘lishiga talab qilishga haqli; ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart; sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarini qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga yo‘l qo‘ymasliklari, ya’ni umumiy ovqatlanish korxonalari turlaridan kelib chiqib iste’molchilarning o‘z-o‘ziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish, taomlar narxi, xizmat ko‘rsatish tartibi va ular bilan bog‘liq shartlar, shu jumladan ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqidagi ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida to‘liq tanishtirib o‘tishlari lozimligi borasida ogohlantirdi.
Bu borada huquqlari buzilgan iste’molchilar Raqobat qo‘mitasining 1159 qisqa raqami orqali murojaat qilishingiz mumkinligi bildirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ