Yangi o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta‘lim muassalari xodimlarining ish haqi oshiriladi
Xususan, maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining maoshi 7-10 mln so‘mdan ortadi

Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan yig‘ilishida yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 mln so‘mdan oshishini ma’lum qildi.
Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq. Shu bois, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur, dedi davlat rahbari.
Bundan tashqari, oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab taʼlimi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgani, joriy yilda bunga 60 trln so‘m yo‘naltirilayotgani taʼkidlandi.
Maktablarda 1 mlnga yaqin, bog‘chalarda 1,5 mln yangi o‘rinlar yaratildi. Bog‘cha bilan qamrov 3 karra oshib, 78%ga yetdi.
Qayd etilishicha, malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 mln so‘m maosh olyapti.
Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65% ga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 mln so‘mdan oshadi.
O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili 1,5 mingta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablarning taʼlim dasturi joriy qilindi. Shundan 300 tasida zamonaviy laboratoriya va o‘quv jihozlari yo‘qligi qayd etildi.
Ikki yil oldin tarmoqlar talabi asosida 289 ta maktabning 10-sinf o‘quvchilariga 60 turdagi kasblarni o‘rgatish boshlandi. Shundan 114 ta maktabga tadbirkorlar biriktirilib, 4 ming o‘quvchi 2 mlndan 5 mln so‘mgacha oylik olyapti.
Prezidentga ko‘ra, Dehqonobod, G‘uzor, Kosonsoy, Mingbuloq, Uychi, Guliston, Sardoba, Xovos, Boysun, Denov, Sho‘rchi, Muzrabot, Buvayda, Dang‘ara, Hazorasp, Xonqa tumanlari hokimlariga bittadan maktabni ushbu tizimga moslashtirish topshirig‘i berilgan edi.
Lekin, ular kasbga o‘qitish uchun na zarur jihoz, na xomashyo olib bergani tanqid qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ