2029-yilgacha O‘zbekistonda 5 ming gektar yer mehmonxonalar uchun auksionga chiqariladi
Bunda tadbirkorlar yer uchun to‘lov qilmaydi, davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi

Фото: Пресс-служба Президента
Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bunda mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi.
Tadbirkorlar 10-yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida to‘lasa, 20% chegirma beriladi.
Mehmonxona qurish uchun 7-yil muddatga 2-yillik imtiyozli davr bilan viloyatlar markazi va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda – 30 mlrd so‘mgacha, boshqa hududlarda esa 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Ko‘p tadbirkorlar davlat obyektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantirayapti. Endi yangi mehmonxona uchun ko‘zda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi.
Hozir mehmonxona egalari har bir turist uchun kuniga 62 ming so‘mgacha turistik yig‘im to‘lab berishga majbur. Endilikda Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari mehmonxonalar bu yig‘imni to‘lamaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ