O‘zbekistonda 21 yoshga to‘lgan yoshlar o‘rtasidagi nikoh rag‘batlantiriladi

Shuningdek, qaror bilan nikoh qayd etishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmoqda

O‘zbekistonda 21 yoshga to‘lgan yoshlar o‘rtasidagi nikoh rag‘batlantiriladi

O‘zbekistonda moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor yoshlar o‘rtasida nikoh tuzilishini rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni bu boradagi farmonni imzoladi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Prezident tomonidan ma’qullangan takliflar idoralararo kengash tomonidan keng jamoatchilik, soha ekspertlari fikrlari hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida tayyorlangani aytiladi.

Erta nikoh va tug‘uruqlarning, shuningdek, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash va jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir, deyiladi xabarda.

Bugungi kunda nikohlarning 40%i 18−19 yoshdagi yoshlar o‘rtasida tuzilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro tavsiyalarda 21 yosh nikoh qurish uchun eng maqbul yosh sifatida belgilangan — bu davrda inson, odatda, moliyaviy mustaqillikka va ijtimoiy yetuklikka erishadi, deyiladi xabarda.

2027-yildan boshlab har ikki tomon kamida 21 yoshga to‘lganda ilk bor nikohdan o‘tgan yosh oilalarga davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyozlar va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

Ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilganda, oila a’zolariga ularni qo‘llab-quvvatlash, faoliyatini rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab hayotiy vaziyatdan chiqish uchun beriladigan moliyaviy yordam (subsidiyalar, ssudalar, grantlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarga nisbatan 1,5 baravar oshirilgan holda ajratiladi.

Joriy etilgan choralar qatorida nikoh shartnomasini imzolagan juftliklarni nikohni qayd etish uchun davlat bojini to‘lashdan ozod qilish ham bor.

Bundan tashqari, qonunchilikda nikoh yoshini pasaytirish uchun aniq (tugal) asoslar belgilanadi. Hozirgi vaqtda hokimlar istisno hollarda va uzrli sabablar mavjud bo‘lganda (homiladorlik, bola tug‘ilishi va voyaga yetmagan shaxsni to‘liq muomalaga layoqatli deb e’lon qilish) nikoh yoshini 18 yoshdan 17 yoshgacha pasaytirish huquqiga ega.

Oliy ta’limda “ikkinchi imkoniyat”

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab homilador talaba qizlar va 3 yoshgacha bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan talabalarga oliy ma’lumot olish uchun “ikkinchi imkoniyat” taqdim etiladi.

Kursda qoldirilgan yoki o‘qishdan chetlashtirilgan talabalar, istisno tariqasida, akademik farqlarni qayta o‘zlashtirish sharti bilan o‘qishini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, ular uchun akademik farqlarni mustaqil o‘zlashtirish maqsadida qo‘shimcha muddat beriladi va zarur sharoitlar yaratiladi.

Homilador talaba qizlar yoki 3 yoshgacha farzandi bo‘lgan talabalarga akademik ta’til davrida o‘z xohishiga ko‘ra o‘qishni masofaviy shaklda davom ettirish imkoniyatini joriy etish kutilmoqda.

Bunday talabalar uchun masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarini va qabul kvotalarini oshirish ham rejalashtirilgan.

Erta nikohga qarshi kurashni kuchaytirish

Farmon bilan voyaga yetmaganlar bilan nikoh qurishga da’vat qilish (undash), shuningdek, bunday nikohlarni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.

1-sentabrdan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15%i bunday holatlar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Bundan buyon erta nikohlar va 16 yoshgacha bo‘lgan davrdagi homiladorlik holatlari to‘g‘risida ichki ishlar organlari hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarini xabardor qilish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va FHDYO vakillari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, shuningdek, diniy tashkilotlar zimmasiga yuklanadi. Bu haqda xabar bermaslik ularni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi.

Shuningdek, erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan davrdagi homiladorlik holatlari aniqlangan xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligi va himoya qilinishi kafolatlari joriy etiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

YTTB 2026-yil uchun O‘zbekiston YIM o‘sish prognozini 6,5% gacha oshirdi
/
YTTB 2026-yil uchun O‘zbekiston YIM o‘sish prognozini 6,5% gacha oshirdi
TOP-300 universitetlarga kirgan yoshlar va pedagoglar uchun ta’lim krediti beriladi
/
TOP-300 universitetlarga kirgan yoshlar va pedagoglar uchun ta’lim krediti beriladi
Toshkentda kitob sotuvchisi chek bermagani uchun 2 mln so‘mga jarimaga tortildi
/
Toshkentda kitob sotuvchisi chek bermagani uchun 2 mln so‘mga jarimaga tortildi