$TRUMP kriptovalyutasi O‘zbekistonda ro‘yxatga olindi
Uning narxi $14,6 atrofida sotilmoqda

Foto: cryptorank.io
22-may kuni UzNEX mahalliy kripto-birjasi tomonidan Official Trump ($TRUMP) tokeni savdoga chiqarilgani e’lon qilindi.
Token Kobea Group kompaniyasiga tegishli bo‘lgan mazkur birjada ro‘yxatga olinib, shu kuni soat 11:00 dan boshlab depozitlar ochildi, soat 13:00 dan esa savdo va mablag‘larni yechib olish boshlangan.
Hozirda $TRUMP tokenining narxi 187–189 ming so‘m (taxminan $14,6) atrofida sotilmoqda. Token memkoin toifasiga kiradi.
UzNEX birjasi foydalanuvchilarga kripto-aktivlar savdosi xavf-xatarlarga ega ekanini eslatib o‘tdi. Rasmiy ogohlantirishda bozor sharoitlariga qarab kapital yo‘qotilishi mumkinligi, barcha javobgarlik esa investorning o‘z zimmasida ekani ta’kidlangan.
Bundan tashqari, birja tomonidan tokenning birjada ro‘yxatga olinishi loyiha barqarorligi yoki foyda kafolatiga asos emasligi ham alohida qayd etilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ