Toshkentga beshta kirish joyida yuk mashinalari uchun to‘xtash joylari quriladi
Majmualar ertalab va kechqurun og‘ir yuk mashinalari harakatini cheklash imkonini beradi

O‘zbekiston prezidentiga Toshkent shahri va unga tutash hududlarga keladigan yuk avtomobillari uchun avtovokzallar va to‘xtash joylari qurish loyihasi taqdim etildi.
Ular yo‘l-patrul xizmatining “Erkin,” “Sharq,” “Bektemir,” “Uch qahramon” va “Turbanov” nomli beshta nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida joylashadi. Bu yerda haydovchilar uchun kemping va dam olish zonalari ham ko‘zda tutilgan.
Taqdimotga ko‘ra, ba’zi obyektlar uchun 7,7 gektar, 4,25 gektar va 8 gektarlik yer maydonlari ajratiladi. Eng gavjum post Sergeli tumanidagi “Erkin” posti hisoblanadi, u orqali kuniga 40−50 ming avtomobil kirib-chiqadi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov poytaxtda yuk mashinalari harakati tig‘iz vaqtlarda cheklanishini ma’lum qildi.
Toshkentda tig‘iz paytlarda yuk mashinalari harakatini cheklashga ruxsat bergansiz. Ertalab cheklovlar kiritamiz. Avtobuslardan tashqari, yuk mashinalari uchun kempinglar qurmoqchimiz. Masalan, Samarqanddan chiqqan yuk mashinasi, soat 8:00 da kelib qolsa, o‘sha to‘xtash joyida 3 soat kutib, keyin shaharga kirishi mumkin bo‘ladi. Shunda tig‘iz vaqtlarda bemalol [harakatni] cheklashimiz mumkin. Qolgan vaqtda yuk mashinalari bemalol harakatlana oladi, — dedi u.
Avvalroq Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov avvalroq loyiha bo‘yicha ishlar 2025-yilda, qurilish esa 2026-yil boshida boshlanishini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident zarur mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq bergan.
Shahar hokimining ta’kidlashicha, Toshkent shahriga kuniga 400 mingdan ortiq avtomobil kirib keladi, 1 mlndan ortiq kishi shaharga kelib-ketadi. Jamoat transporti tizimli yo‘lga qo‘yilmagani harakatni qiyinlashtirib, tirbandliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Haydarov shaharga kirish-chiqish postlari ko‘chirilishini, bu ham tirbandlikni kamaytirishga xizmat qilishini aytgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ