Toshkentda 57,5 kilometrlik avtobus yo‘laklari va yo‘l o‘tkazgich quriladi

Buning uchun Bank of China tomonidan $271,1 mlnlik kredit ajratiladi va loyiha ishlarini Xitoy kompaniyasi amalga oshiradi

Toshkentda 57,5 kilometrlik avtobus yo‘laklari va yo‘l o‘tkazgich quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Toshkent shahrida transportni boshqarishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi.

Hujjat 2029-yil oxirigacha yo‘l-infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish rejalarini o‘z ichiga oladi.

“Shina construction Fifth Engineering Division So. Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda yo‘l o‘tkazgichlar, ajratilgan avtobus yo‘laklari va boshqa obyektlarni qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha uchun $271,1 mln miqdoridagi mablag‘lar China Bank kreditlari hisobidan jalb etiladi.

Maxsus BRT yo‘laklari

Buning uchdan bir qismidan ortig‘i — $98,5 mlni oktabr oyida taqdim etilgan transport rejasiga muvofiq ajratilgan avtobus tranzit yo‘laklarini (BRT) qurishga yo‘naltiriladi.

2026-yil sentabrgacha $6 mln mablag‘ evaziga Shahrisabz ko‘chasining butun masofasi bo‘ylab — Mirobad ko‘chasidan (Grand Mir Hotel) to Amir Temur ko‘chasi bilan kesishmasigacha rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 3 kilometrlik avtobuslar uchun alohida yo‘lak quriladi.

2026-yil noyabr oyi oxirigacha yana ikkita BRT yo‘laklarini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan:

  • Amir Temur shoh ko‘chasi bo‘ylab — Uch Qahramon aylanmasidan Shimoliy vokzalgacha (11 km);
  • Yangi Sergeli bo‘ylab — Choshtepa va Qipchoq ko‘chalari oralig‘ida (5,5 km).

Bu loyihalar qo‘shimcha 16,5 mln dollarga tushadi.

Kelgusida Mirzo Ulug‘bek — Feruza — Yuzrabot, Lutfiy — Muqimiy, Qoratosh — Ko‘kcha Darvoza, KHAY — Parkent yo‘nalishlari bo‘ylab yana 38 km ajratilgan BRT yo‘laklarini bosqichma-bosqich tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu yo‘laklarning umumiy qiymati $76 mlnni tashkil etadi, ular 2029-yil oxirigacha qurib bitkazilishi kutilmoqda.

Zarur hollarda ko‘chalar ro‘yxati va bajariladigan ishlar hajmi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzatiladi.

Yo‘llarni ta’mirlash va yangi yo‘l o‘tkazgich

Shuningdek, 16 ta ko‘chaning 36 kilometrlik qismida yo‘lbo‘yi infratuzilmasini ta’mirlash va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. 2026-yilgacha bu ish uchun Bank of China’dan $36,5 mln davlat kafolatisiz kredit ajratiladi.

Navbatdagi loyiha — Pahlavon ko‘chasini Elbek ko‘chasi bilan tutashtiruvchi Kichik halqa yo‘li ustidan o‘tuvchi (Zo’r TV telekanali yaqinida) yo‘l o‘tkazgich qurish. Uning dastlabki qiymati $25,4 mlnni tashkil etadi.

2027-yilda to‘qqizta ko‘chani (33 km) rekonstruksiya qilish uchun alohida ajratilgan avtobus yo‘laklari, himoya to‘sig‘i va piyodalar xavfsizligini ta’minlovchi qavariq sun’iy notekisliklar o‘rnatish uchun $33,5 mln yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Yana $26,2 mln Amir Temur shoh ko‘chasining Rixsili va Yangishahar ko‘chalari bilan kesishmasida (Yunusobod aylanmasi) yerosti avtomobillar tunnelini qurish uchun ajratiladi.

2028-yilda umumiy uzunligi 50 km bo‘lgan yana 15 ta ko‘cha uchastkasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Ishning qiymati $51 mlnga baholanmoqda. Piyodalar xavfsizligini oshirish maqsadida avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklar, himoya to‘siqlar o‘rnatish, qavariq sun’iy notekisliklar ham bu boradagi ishlar doirasiga kiradi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 10 oyda 25,3 trln so‘mlik ixtisoslashgan qurilish ishlari bajarildi
/
O‘zbekistonda 10 oyda 25,3 trln so‘mlik ixtisoslashgan qurilish ishlari bajarildi
O‘zbekiston va Rossiya temir yo‘l yo‘lovchilari uchun moslashuvchan tariflar joriy etadi
/
O‘zbekiston va Rossiya temir yo‘l yo‘lovchilari uchun moslashuvchan tariflar joriy etadi
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixiy maksimumni yangiladi
/
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixiy maksimumni yangiladi