Toshkentda $1 mlrdlik “Uchtepa city” loyihasi qurilishi boshlanadi

Shuningdek, poytaxtning qator tumanlarida umumiy qiymati $3,5 mlrd bo‘lgan o‘xshash investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

Toshkentda $1 mlrdlik “Uchtepa city” loyihasi qurilishi boshlanadi

Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida investitsiyalarning asosiy yo‘nalishlari xizmatlar sohasi, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizm bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

37 gektar hududda qiymati $1 mlrd bo‘lgan “Uchtepa city” loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha doirasida zamonaviy mehmonxona, biznes markazlari, savdo-ko‘ngilochar majmua hamda turar joy apartamentlari qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Chilonzor, Yakkasaroy va Olmazor tumanlarida umumiy qiymati $2,5 mlrd bo‘lgan o‘xshash loyihalar hayotga tatbiq etiladi.

Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobod tumanlarida esa qiymati $1 mlrd bo‘lgan loyihalar ishga tushiriladi. Ular sun’iy intellekt, startaplar, moliyaviy texnologiyalar, tibbiyot va ta’lim sohalarini qamrab oladi.

So‘nggi to‘qqiz yil davomida Toshkentda xizmatlar hajmi har yili o‘rtacha 20% ga oshib, $30 mlrdga yaqinlashdi. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni $38 mlrdga, 2027-yilga borib esa $45 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda poytaxtning 26 ta ko‘chasi tunu-kun ishlash rejimiga o‘tkazildi. Ularda 1200 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyektining joylashtirilishi 5 ming nafar fuqaroni daromad bilan ta’minladi. Kelgusi yilda yana 18 ta shunday ko‘chani tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, banklarning ijtimoiy, “yashil”, texnologik va turizm sohalaridagi 100 ta yangi loyihani imtiyozli moliyalashtirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Poytaxtda hozirda 75 ta maktab va bolalar bog‘chasi, shuningdek 23 ta sport inshootiga ehtiyoj saqlanib qolmoqda. Tuman hokimlariga har yili jalb qilingan mablag‘lar hisobidan bittadan ta’lim va sport obyektini qurish topshirildi. Qolgan obyektlar investitsiya dasturi doirasida barpo etiladi.

Kelgusi yilda infratuzilma loyihalariga chetdan davlat kafolatisiz $300 mln jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan “Toshkent tajribasi” dasturi kengaytiriladi. IT, tibbiyot va biznes yo‘nalishlariga ixtisoslashgan maktablarda o‘qituvchilar o‘quvchilar natijalariga qarab 20 mln so‘mgacha maosh olmoqda. Bunday maktablar sonini kelgusi yilda 24 taga, 2027-yilga borib esa 33 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent 2045-yilgacha mo‘ljallanga bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritiladi
/
Toshkent 2045-yilgacha mo‘ljallanga bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritiladi
Dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun tushmoqda
/
Dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun tushmoqda
Toshkentga kirishdagi postlar shahar tashqarisiga ko‘chiriladi
/
Toshkentga kirishdagi postlar shahar tashqarisiga ko‘chiriladi