2025-yilda Toshkent shahrida avtobusda yo‘lovchi tashishdan olingan daromad 16% ga oshdi
Shu bilan birga, kunlik yo‘lovchi oqimi 650 mingdan 1,4 mln nafargacha ko‘paygan
Foto: Kapital.uz
Toshkent shahrida avtobusda yo‘lovchi tashishdan olingan daromad 16% ga oshib, 644 mlrd so‘mga yetdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali reportajida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yo‘l haqi uchun to‘lovning raqamlashtirilishi yo‘lovchilarga qulaylik yaratish bilan birga, yashirin iqtisodiyotning oldini olish va tushumlarni ko‘paytirish imkonini ham bergan.
Transport vazirligi huzuridagi Raqamli transport markazi loyiha rahbari Ubaydulla Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, avtobus qatnovlari to‘liq raqamli nazoratga olingan.
Har bitta avtobusning qatnovi, aniq bajarilishi kerak bo‘lgan vaqti, bekatlarga to‘xtashi, vaqtida chiqib ketishi — hammasi to‘liq nazoratga olinib, qatnovlari uchun olinadigan daromadlar aniqlanadi. Avtobuslarga maxsus yo‘lovchilar oqimini hisoblovchi qurilmalar o‘rnatilgan, — dedi u.
Toshkent yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish markazi direktori o‘rinbosari Alimardon Abdullayevning aytishicha, avtobuslar harakat intervali ikki barobarga qisqarib, 18−20 daqiqadan 8−10 daqiqaga tushgan. Shu bilan birga, kunlik yo‘lovchi oqimi 650 mingdan 1,4 mln nafargacha ko‘paygan.
2025-yil davomida jami 412,4 mln nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 85,7 mln nafarga yoki 26,2% ga ko‘p. Avtobus tashuvlaridan olingan tushum ham oshib, 644,6 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 90,2 mlrd so‘mga, ya’ni 16,2% ga o‘sganini anglatadi.
Transport nazorati inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Firdavs Xayriddinovning ma’lum qilishicha, 2026-yilning o‘tgan davrida nazoratchilar tomonidan 18,6 mingdan ortiq holatda yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lamagan yo‘lovchilar aniqlangan va ularga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan, profilaktik ishlar olib borilmoqda.
Uning ta’kidlashicha, sohani raqamlashtirish samarali natija bergan. Eng avvalo, bu harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda: avtobus haydovchilari naqd pul bilan bog‘liq hisob-kitob va qaytim berish ishlaridan ozod bo‘lib, asosiy e’tiborni transportni boshqarishga qaratmoqda. Shuningdek, bu maishiy korrupsiya holatlarini bartaraf etishga ham yordam bergan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ