Toshkentda to‘qqizta yangi jamoat parkini tashkil etish rejalashtirilmoqda

Yangi loyihalarni amalga oshirish natijasida budjetga 3,5 trln so‘m tushum tushishi aytilmoqda

Toshkentda to‘qqizta yangi jamoat parkini tashkil etish rejalashtirilmoqda

Toshkent shahrining to‘qqizta hududida umumiy maydoni 134 gektar bo‘lgan yangi jamoat parklarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. 25-fevral kuni o‘tkazilgan taqdimotda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu va boshqa takliflarni ma’qulladi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘z navbatida, loyihalarning kamida 30%ida, ya’ni 400 gektarda yashil maydonlar tashkil etish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi yashil maydonlarni 3 baravarga — 25 ming gektargacha oshirish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon darajasini esa 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha ko‘tarish rejalashtirilmoqda.

Shahar muhitini sog‘lomlashtirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida yashil hududlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan, deyiladi xabarda.

Hozirda poytaxtda 3,1 mlndan ortiq doimiy aholi yashaydi. Prognozlarga ko‘ra, 2045-yilga borib Toshkent aholisi ikki baravardan ko‘proqqa ko‘payadi. Bu esa urbanizatsiya jarayonlarini uy-joy fondi, transport-logistika va muhandislik tarmoqlari, shuningdek, ijtimoiy infratuzilmaga tushadigan yuklamaga mutanosib ravishda rivojlantirishni talab etadi, deb qayd etiladi xabarda.

Poytaxt rasmiylari umumiy maydoni 2679 gektar bo‘lgan 85 ta qurilish loyihasi taklifini ko‘rib chiqdi. Har bir loyiha yagona shaharsozlik yondashuvi, hududning kamida 30%ida yashil hududlar barpo etish imkoniyati mavjudligi, eskirgan uchastkalarni renovatsiya orqali kompleks yangilash, shuningdek, maydoni 1 gektargacha bo‘lgan yerlarda zich qurilishlar amaliyotidan voz kechish asosida baholandi.

Ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, 18 ta loyihani amalga oshirishga ruxsat berish, 12 ta loyihani esa yer maydoni, qavatlar soni va konsepsiyasiga o‘zgartirish kiritgan holda optimallashtirish taklif etildi. 54 ta loyiha konseptual jihatdan to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi shart deb topildi.

Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi urbanizatsiya jarayonlarini jamoatchilik manfaatlari, sog‘lom shahar muhiti talablari va ekologik standartlar bilan bog‘liq holda rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

U amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha infratuzilma to‘lovlaridan (quruvchilar tomonidan shaharga to‘lanadigan mablag‘lar) tushadigan mablag‘lar, birinchi navbatda, yangi yashil hududlarni tashkil etishga, qolgan qismi esa shahar infratuzilmasi obyektlarini qurishga yo‘naltirilishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini kengaytirish rejalari alohida ko‘rib chiqildi.

Prezident Toshkentning markaziy qismidan yirik sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich ko‘chirish hamda ekologik talablarga javob beradigan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish muhimligini ta’kidladi.

Ma’qullangan loyihalarni amalga oshirish natijasida poytaxtning yalpi hududiy mahsulotida yiliga qo‘shimcha $1,5 mlrd shakllanishi, budjetga 3,5 trln so‘m tushum tushishi va 260 mingta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda blogerlar soliqqa tortilishi bo‘yicha Rossiya tajribasi o‘rganilmoqda
/
O‘zbekistonda blogerlar soliqqa tortilishi bo‘yicha Rossiya tajribasi o‘rganilmoqda
O‘zbekistonda xavfli qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar reyestri e‘lon qilindi
/
O‘zbekistonda xavfli qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar reyestri e‘lon qilindi
“O‘zbekneftgaz” va “KazMunayGaz” Qashqadaryoda $200 mlnlik zavod qurilishini tezlashtiradi
/
“O‘zbekneftgaz” va “KazMunayGaz” Qashqadaryoda $200 mlnlik zavod qurilishini tezlashtiradi