Toshkent viloyatida $5 mlrd evaziga xalqaro tibbiyot shaharchasini barpo etish rejalashtirilmoqda
Nurafshon shahrida esa $35,4 mlnlik Kelajak texnologiyalari markazini tashkil etiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Kapital.uz avval xabar berganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Matbuot xizmati xabar berishicha, qisqa vaqt ichida Boʻstonliqdagi “Amirsoy” qishki kurort majmuasi va “Beldersoy resort” maskani xalqaro darajadagi turizm markazlariga aylangani qayd etildi. Endilikda shunday loyihalarni Parkent, Gʻazalkent, Ohangaron va Angrenning togʻli hududlarida ham amalga oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Masalan, Parkentda “Oltin bel” choʻqqisi va unga tutash hududda mehmonxona, “shale” uslubidagi uylar, dam olish va koʻngilochar majmualarni oʻz ichiga olgan togʻ-changʻi kurort zonasi, Ohangaron tumanida esa “Moviy togʻlar” dam olish oromgohi negizida zamonaviy turizm majmuasi tashkil etiladi.
Shuningdek, Angren shahrining Lashkarak va Yangiobod hududlarida “turizm qishloqlari”, Bekobod tumanida ekologik va ov turizmi, Parkent tumanida “Kumushkon” turizm majmuasi hamda Parkentsoyda oilaviy dam olish maskanlari va mehmon uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Joylashtirish vositalari quvvatini 35,5 ming oʻringa yetkazish koʻzda tutilgan.
Mazkur ishlar hisobidan viloyatda turizm eksportini $600 mlnga, xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini 16,5 mlnga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda viloyatning “ogʻir” toifadagi va “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi” tuman, shahar va mahallalaridagi 231 ta loyihaga 956 mlrd soʻm ajratilgani qayd etildi. Aholi mahallalarida uy-joy, elektr, suv, kanalizatsiya va yoʻllar yaxshilash ishlarini jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.
Xususan, ichimlik suvi bormagan 39 ta mahalla markazlashgan ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlanadi, yana 81 ta mahalladagi 166,7 kilometr yaroqsiz suv tarmogʻi rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 145 ta mahalladagi 121 ta eskirgan transformator yangilanib, 443,6 kilometr elektr tarmoqlari almashtiriladi.
Yigʻilishda yirik ijtimoiy va innovatsion loyihalar ham koʻrib chiqildi. Jumladan, Yuqori Chirchiq tumanida 400 gektar maydonda qiymati $5 mlrd boʻlgan “Tashkent Medical Smart City” xalqaro innovatsion tibbiyot shaharchasini barpo etish rejasi muhokama qilindi. Shu bilan birga, Nurafshon shahrida $35,4 mlnlik Kelajak texnologiyalari markazini tashkil etish, 100 dan ortiq xorijiy AT kompaniyani jalb qilish va xizmatlar eksportini yiliga $20 mlnga yetkazish, 670 oʻrinli koʻp tarmoqli tibbiyot klasteri, ijtimoiy muassasalar markazi, viloyat davlat arxivi binosi kabi loyihalar koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, aholi murojaatlari bilan ishlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash, “yashil iqtisodiyot” va yoshlarga oid siyosat borasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar koʻrib chiqildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ