Toshkent — Qamchiq pulli yo‘li qurilishi $3,66 mlrdga baholandi
Yangi tezkor magistral poytaxtdan Andijongacha bo‘lgan yo‘l vaqtini 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqartiradi
O‘zbekistonda Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi tezkor pulli avtomobil yo‘li quriladi. Loyiha qiymati $3,66 mlrdni tashkil etadi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida “Avtoyo’linvest” agentligi direktorining o‘rinbosari Asliddin Isayev ma’lum qildi.
Mazkur loyiha mamlakatdagi eng yirik infratuzilma tashabbuslaridan biri hisoblanadi. Birinchi bosqichda Toshkentdan Angrengacha Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi 171 kilometr uzunlikdagi yo‘l quriladi. Shundan qariyb 33 kilometri zamonaviy tunnellardan iborat bo‘lib, ular Markaziy Osiyodagi eng yirik inshootlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. To‘rt polosali, 1B toifasidagi magistralda harakat tezligi 120–150 km/soat etib belgilangan.
Yangi yo‘l ishga tushirilgach, Toshkentdan Andijongacha bo‘lgan masofa sezilarli darajada qisqaradi. Hozirda bu yo‘l taxminan 5 soat vaqt olsa, loyiha yakunlangach safar muddati 2,5 soatgacha tushadi.
Texnik hujjatlarni ishlab chiqish va tender jarayonlarini tashkil etish ishlari xalqaro konsalting kompaniyasi Arup tomonidan Jahon banki ko‘magida amalga oshirilmoqda. Ayni paytda tanlov jarayonlari yakuniy bosqichga kirgan, qurilish ishlari esa joriy yilda boshlanishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida Fransiya, Turkiya va Xitoyning yirik investitsiya guruhlari qiziqish bildirgan.

Umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lgan Toshkent — Andijon magistralini qurish ishlari olti yildan ortiq vaqt oladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, pullik yo‘l sakkiz yil ichida o‘zini oqlashi va yiliga $465 mln daromad keltirishi kutilmoqda. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida uch bosqichda amalga oshiriladi.
Shuningdek, mamlakatda Toshkent — Samarqand yo‘nalishida ham $2,25 mlrdlik pullik avtomagistral qurish rejalashtirilgan. Uzunligi 282 kilometr bo‘lgan mazkur yo‘l besh yil davomida barpo etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ