5.12.2025 | 19:12
2030-yilgacha Toshkent metrosi tarmogʻi 100 kmga yetkaziladi
Bundan tashqari, transport vositalari uchun 150 ming o‘rinli to‘xtab turish joylarini tashkil etiladi
Prezidentning Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Toshkent shahri transport tizimini 2030-yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Unda quyidagilar nazarda tutildi, jumladan:
- aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 60% ga yetkazish;
- avtobusning o‘rtacha harakat tezligini 18 km soatdan 24 km soatga yetkazish;
- transport vositalari uchun 150 ming o‘rinli to‘xtab turish joylarini tashkil etish;
- metropoliten tarmog‘i uzunligini 103 kmga yetkazish.
Shuningdek, qaror bilan Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etilishi belgilandi. Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻladi:
- zamonaviy raqamli va “yashil” texnologiyalarni qo‘llash orqali Toshkent shahrida transport, yo‘lovchi va piyodalar oqimlarini uzluksiz monitoring qilish asosida yo‘l harakatini tashkil etish,
- Toshkent shahrining transport master rejasini yaratish;
- hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yo‘llaridagi jamoat transporti bosh bekatlari (avtobus va metro) kesishmalarida transport vositalarining ko‘p qavatli to‘xtab turish joylarini tashkil qilish;
- Toshkent shahri yerusti metro liniyalari hamda yo‘l o‘tkazgichlari ostida, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, transport vositalarining to‘xtab turish joylarini tashkil qilish.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ