Toshkent dunyo shaharlarida ish haqi o‘sishi bo‘yicha yetakchilar qatoriga kirdi
So‘nggi besh yilda poytaxtda o‘rtacha ish haqi dollarda 128% ga oshgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yilda dunyoning yirik shaharlarida o‘rtacha oylik ish haqi bo‘yicha e’lon qilingan global reytingda Toshkent eng tez o‘sayotgan shaharlar qatoridan joy oldi. “VC” platformasi tayyorlagan vizualizatsiyaga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxtida so‘nggi besh yil ichida ish haqi barqaror va yuqori sur’atlarda oshgan.
2025-yil III choragi yakunlariga ko‘ra, Toshkentda o‘rtacha oylik ish haqi 4,0 mln so‘mdan 10,4 mln so‘mga yetdi. Bu milliy valyutada 160% lik o‘sishni anglatadi. AQSh dollarida hisoblanganda esa ko‘rsatkich $380 dan $867 gacha oshib, 128% lik ijobiy dinamika qayd etildi. Natijada Toshkent tez rivojlanayotgan shaharlar qatoriga kirib, global megapolislar bilan farqni sezilarli darajada qisqartirdi.
Umuman olganda, 2025-yilgi global ish haqi xaritasi shaharlar o‘rtasidagi keskin tafovutni ko‘rsatmoqda. Reytingning yuqori pog‘onalarini Shveysariyaning Jeneva ($7 984) va Syurix ($7 788) shaharlari egallagan. AQShning San-Fransisko, Nyu-York va Chikago shaharlari TOP-10 talikda qolayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi besh yilda bu shaharlarda o‘sish sur’atlari sekinlashgan.
Reytingning quyi qismida esa Qohira, Bogota va Rio kabi shaharlarda o‘rtacha oylik daromad hanuz $1 000 dan pastligicha qolmoqda. Mutaxassislar buni asosan milliy valyutalarning qadrsizlanishi bilan izohlamoqda. Xususan, Qohirada ish haqi 2020-yilga nisbatan 40% ga, Tokioda esa 13% ga kamaygan.
Ish haqi o‘sishi bo‘yicha eng yuqori sur’atlar Varshava (+95%), Istanbul (+94%) va Bangalor (+81%) shaharlarida kuzatilgan. Yevropaning Lyuksemburg va Jeneva kabi moliyaviy markazlari foiz hisobida katta sakrash qilmagan bo‘lsa-da, mutlaq qiymatda yetakchilikni saqlab qolmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, Toshkentdagi ijobiy dinamika iqtisodiy faollikning oshishi, xizmatlar va texnologik sektorlarning rivojlanishi hamda ichki bozor kengayishi bilan bog‘liq bo‘lib, poytaxtning global iqtisodiy xaritadagi o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ