2026-yilda Toshkent viloyatiga $6,2 mlrd investitsiya jalb etiladi
Bundan tashqari, 883 ta mahallada 84,7 ming aholini doimiy ishga joylashtirilishi belgilangan
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Qayd etilishicha, 2026-yilda viloyat iqtisodiyotini 9,1% ga, sanoatni 8,8% ga, xizmatlarni 17,2% ga, qurilish ishlarini 15% ga va qishloq xoʻjaligini 6,6% ga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun $6,2 mlrd investitsiya jalb etish va $2,8 mlrd eksportni taʼminlash moʻljallangan.
Bundan buyon tumanlar salohiyatini sunʼiy intellekt yordamida tahlildan oʻtkazib, sanoat, investitsiya va eksport boʻyicha yangi imkoniyatlarni aniqlash zarurligi qayd etildi. Bu ishlar samarasini yanada oshirish uchun viloyatda “Raqamli taraqqiyot – sunʼiy intellekt markazi”ni ochish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Viloyatda sanoatni boshqarish boʻyicha yangi tizim joriy etilayotgani, hokimning sanoat masalalari boʻyicha oʻrinbosariga investitsiya va eksportni koʻpaytirish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini oshirish boʻyicha aniq samaradorlik koʻrsatkichlari belgilanishi aytildi.
Joriy yilda 883 ta mahallani kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, 84,7 ming aholini doimiy ishga joylashtirish, 37 ming norasmiy ish oʻrnini legallashtirish va 13,3 ming ishsiz fuqaroni kasbga oʻqitish vazifasi qoʻyildi.
Sanoatdagi qoʻshimcha oʻsish manbalari sifatida qator yangi loyihalar koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, Angren shahrida keramik va keramogranit plitka ishlab chiqarish, Yangiyoʻl tumanida “Tinchlik” kichik sanoat zonasi, Parkent tumanida “Parkent Pharm” erkin iqtisodiy zonasi, Oʻrta Chirchiq tumanida mebelchilikka ixtisoslashgan klaster, qoʻziqorin yetishtirish va shirin makkajoʻxori ishlab chiqarish, Yangiyoʻlda turkiyalik sarmoyador ishtirokida baliqchilik majmuasi, Nurafshon shahrida toʻqimachilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Qayd etilganidek, chorva va parranda goʻshti yetishtirish hajmi hanuz poytaxt va viloyat ehtiyojlari uchun yetarli emas. Shu bois, Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish va ozuqa bazasini kengaytirish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bu yerda Qoʻychilik va echkichilik ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etib, 50 ming bosh naslli qoʻy va echki olib kelish rejalashtirilgan. Ohangaron oʻrmon xoʻjaligi balansidagi oʻrmon bilan qoplanmagan 60 ming gektar yaylovni auksion orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi.
Umuman, 2026-yilda 2,1 trln soʻmlik 78 ta chorvachilik loyihasi amalga oshirilib, 496 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Shuningdek, 35 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etish, yangi yerlarni oʻzlashtirish, bogʻ va uzumzorlar barpo qilish rejalashtirilgan.
Parrandachilikni rivojlantirish boʻyicha Oqqoʻrgʻon va Ohangaron tumanlarida yiliga 30 ming tonna parranda goʻshti yetishtirish quvvatiga ega, qiymati $45 mlnlik loyihalar amalga oshiriladi. Qayd etilganidek, piyoz va sarimsoqdan gektariga olinayotgan daromad gʻalladan bir necha oʻn barobar yuqori. Shuning uchun Ohangaronda gʻalla maydonlarini yuqori daromadli ekinlarga bosqichma-bosqich oʻtkazish taklifi maʼqullandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ