Toshkent shahar dizayn-kodi rasman tasdiqlandi

Yangi hujjat jamoat joylari, reklama, savdo obyektlari va infratuzilma loyihalarida yagona vizual standartlarni belgilaydi

Toshkent shahar dizayn-kodi rasman tasdiqlandi

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi poytaxt uchun shahar dizayn-kodini tasdiqladi. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hujjat Toshkent Invest kompaniyasi buyurtmasiga ko‘ra SM International tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda poytaxt hokimligining takliflari ham inobatga olingan. Dizayn kod jamoat joylarini rejalashtirish, shahar dizayni elementlarini joylashtirish, tijorat obyektlarini bezash hamda shaharning vizual identifikatsiyasiga oid qoidalarni belgilaydi.

Hujjatda dizayn elementlari kataloglari, turistik va gastronomik ko‘chalar ro‘yxati, shuningdek obodonlashtirish va sanitariya tozaligi uchun ekspluatatsiya yig‘imi miqdori ham kiritilgan. Qarorga ko‘ra, poytaxt tuman hokimliklari ikki oy ichida bosh arxitektorlar nazorati ostida jamoat joylari chegaralari sxemalarini ishlab chiqishi kerak.

Shuningdek, Arxitektura va shaharsozlik kengashi mavsumiy savdo, xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda qurilish-montaj ishlarini loyihalashda dizayn-kod talablariga rioya etilishini nazorat qiladi. Toshkent shahar hokimligi esa qurilish, ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari, shuningdek yo‘llar va piyodalar yo‘lakchalari kabi infratuzilma obyektlarini barpo etishda ushbu talablar bajarilishini ta’minlaydi.

Qayd etilishicha, to‘rt oy ichida poytaxt hokimiyati jamoat joylarida manzil ko‘rsatkichlari va navigatsiya elementlarini yagona standartlar asosida o‘rnatish hamda yangilash dasturini ishlab chiqadi. Dizayn kod talablari kapital qurilishga oid shaharsozlik normalari va qoidalariga ham integratsiya qilinadi.

Bundan tashqari, bino tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, rekonstruksiya qilish, yengil konstruksiyalar o‘rnatish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, savdo hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish, reklama elementlarini joylashtirish, muhandislik tarmoqlari va transport infratuzilmasini loyihalash hamda modernizatsiya qilishda dizayn kod talablariga rioya etish majburiy bo‘ladi.

Mazkur qaror rasman e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Hujjat poytaxtda shahar tashqi qiyofasi va jamoat joylarini rivojlantirish bo‘yicha yagona standartlarni joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun pasaydi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun pasaydi
Qashqadaryo viloyatiga $3,5 mlrd investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda
/
Qashqadaryo viloyatiga $3,5 mlrd investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda
Fransiyaning Framatome kompaniyasi O‘zbekistondagi AES loyihasida ishtirok etadi
/
Fransiyaning Framatome kompaniyasi O‘zbekistondagi AES loyihasida ishtirok etadi