Yil boshidan buyon poytaxt bozorlarida 2 mingdan ortiq faoliyat qonuniylashtirildi
Shuningdek, Malika savdo kompleksida so‘nggi uch kunda savdo tushumi 7,3 mlrd so‘mni tashkil etdi
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar olib borilmoqda.
Yanvar–fevral oylarida Toshkent shahridagi 78 ta bozor va savdo kompleksida o‘tkazilgan xatlovlar natijasida:
- 2068 nafar norasmiy faoliyat yuritgan jismoniy shaxsning ishlari legallashtirildi;
- 578 nafar hujjatsiz ishlayotgan tadbirkor rasmiy maqomga o‘tkazildi;
- 975 nafar ijarasiz faoliyat yuritgan shaxsning shartnomalari rasmiylashtirildi;
- 534 nafar tadbirkorga to‘lov terminallari o‘rnatildi;
- 558 nafar tadbirkorda savdo tushumini yashirish holatlariga chek qo‘yilib, onlayn nazorat-kassa mashinalari o‘rnatildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida fevral oyida savdo tushumi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga oshdi.
Xususan, Malika savdo kompleksida so‘nggi uch kun ichida 5 mingta chek rasmiylashtirilib, savdo tushumi 7,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan cheklar soni 3 barobarga, tushum esa 6 barobarga oshganini ko‘rsatmoqda.
Soliq qo‘mitasi poytaxtda yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish bo‘yicha nazorat va profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilayotganini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ