Toshkent 2045-yilgacha mo‘ljallanga bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritiladi
Auksion orqali sotilgan, biroq keyin konservatsiya zonasiga tushgan yer uchastkalari bo‘yicha qaror bir oy ichida qabul qilinadi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Xidoyatov 17-dekabr kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Toshkent shahrining 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilishini ma’lum qildi.
“Mustang” yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i egasi Komiljon Islomov Sergeli tumanida auksion orqali yer uchastkasi xarid qilganini, biroq Toshkent bosh rejasi qabul qilingach, mazkur hudud konservatsiya zonasiga tushib qolganini aytdi. Bu toifa har qanday qurilish ishlarini taqiqlaydi. Tadbirkor ushbu holatni Toshkent uchun “juda katta muammo” deb atadi.
Uning aniqlik kiritishicha, yer uchastkasi E-auksion elektron savdo maydonchasida savdoga qo‘yilgan va aynan shu platforma orqali sotib olingan.
Qurilish vaziri E-auksion platformasida Toshkent bosh rejasi qabul qilinishidan oldin savdoga chiqarilgan, ammo hozirda konservatsiya zonalari yoki qavatlar soni cheklangan hududlarga tushib qolgan yer uchastkalari mavjudligini tan oldi. Mazkur masala bo‘yicha hozirda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi Barqaror shaharsozlik va uy-joy bozori bo‘yicha milliy qo‘mita bilan hamkorlikda ko‘rib chiqilmoqda.
Imkon mavjud bo‘lgan joylarda ruxsat beriladi. Ammo ayrim hududlarda bu imkonsiz, bunday holatlarda hokimliklar mablag‘larni qaytaradi. Qaror bir oy ichida chiqadi va shundan so‘ng hujjat qabul qilinishidan oldin auksionga qo‘yilgan yer uchastkalari bo‘yicha bosh rejaga o‘zgartirishlar kiritiladi, — dedi Sherzod Xidoyatov.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ