Bugundan to‘qimachilikda “dolzarb yuz kunlik” rejimi joriy qilinadi — Mirziyoyev
2022–2023-yil hosili uchun klasterlarga berilgan kreditlar bo‘yicha 1-avgust holatida yig‘ilgan 377 mlrd so‘mlik penya bekor qilinadi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda tarmoqda $3,5 mlrdlik 396 ta yirik korxona ishga tushdi, ishlab chiqarish 410 mlrdga yetdi. Sohada 500 mingdan ortiq odam band, bu sanoatda band jami aholining 20% iga teng.
To‘qimachilik korxonalarining tijorat kreditidan $2,2 mlrd qarzdorligi bor. Kreditlarning 90-95%i xorijiy valyutada, atigi 16% korxona xalqaro sertifikatga ega.
Bunday sharoitda korxonalar tashqi bozorda qanday raqobat qiladi, kreditini qanday qaytaradi?, – deya savol qo‘ydi Prezident.
Har bir viloyatda 10-15 tadan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi borligi bilan ularning brendlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy standartlarga o‘tkazish ishlari oqsayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlarida tolani qayta ishlash quvvatlari o‘zidagi xomashyoga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, hokimlar hududiy investitsiya dasturini ishlab chiqishda ip-kalava loyihalarini taklif etib kelayotganiga e’tiroz bildirildi.
Prezident topshirig‘iga asosan to‘qimachilikda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlarning fikrlari o‘rganildi.
Ularni qiynayotgan masalalar bilan to‘liq tanishdim. Hozir yechimlarini aytaman. Bugundan to‘qimachilikda “dolzarb yuz kunlik” e’lon qilamiz,- dedi davlat rahbari.
Joriy yilda klasterlarning kreditdan qarzdorligini garov qo‘yish sharti bilan 5-yilgacha uzaytirishga ruxsat berildi. Endilikda garov qo‘ygan klasterlar faqat asosiy qarzni to‘laydi.
Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi va banklarga hisoblanadigan foizlar esa asosiy qarz to‘liq qoplanganidan keyin undiriladi. Bu orqali klasterlarda yiliga 800 mlrd so‘m aylanma mablag‘ qoladi. Agar klasterlar ham asosiy qarz, ham foizini o‘z vaqtida to‘lasa, foizning Jamg‘armaga ketadigan qismining yarmi tadbirkorga qaytariladi.
Klasterlarga 2022-2023-yillar hosili uchun berilgan kredit bo‘yicha 1-avgust holatiga yuzaga kelgan 377 mlrd so‘mlik penyadan voz kechiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ