O‘zbekistonda barcha to‘qimachilik korxonalariga ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi
2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Kapital.uz avval xabar berganiday, ayni vaqtda Prezident Mirziyoyev ishtirokida to‘qimachilik masalalariga oid yig’ilish bo’lib o’tmoqda.
Unda aytilishicha, tijorat kreditidan $2,2 mlrd majburiyati bor bo‘lgan 144 ta korxonani sog‘lomlashtirish choralari ishlab chiqiladi. Faoliyatini barqarorlashtirish mumkin bo‘ lgan korxonalarning kredit muddati 7-yilgacha uzaytiriladi.
Shuningdek, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10%i qoplab beriladi.
Endilikda to‘qimachilik zanjiridagi barcha korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 1% qilib belgilanadi.
Bunda, ijtimoiy reestr bo‘yicha talab bekor qilinadi, realizatsiyada to‘qimachilik ulushiga talab esa 90% dan 70% ga tushiriladi.
O‘z xodimlarining farzandlari uchun bog‘cha tashkil qilgan to‘qimachilik sohasi korxonalariga xususiy bog‘chalardagi kabi har bir tarbiyalanuvchi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.
Barcha to‘qimachilik korxonalarini elektr ta’minoti o‘ylantirayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan korxonalarga o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatilgan quyosh panellarini tarmoqqa ulashga ruxsat beriladi va bu maqsadlar uchun $200 mln kredit resurslari yo‘naltiriladi va stavkaning 10% gacha qismi qoplab beriladi.
Klasterlar kooperatsiya tizimi asosida tolani qayta ishlashni boshlamasa, keyingi yildan klaster maqomi bekor qilinadi va paxta hosili uchun imtiyozli kredit berilmaydi.
2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha kamida 100 ming tonnalik aralash gazlama ishlab chiqarish loyihalarini boshlash topshirildi.
Shuningdek, bir nechta bo‘yoq korxonalari birlashib, suv tozalash inshootini qurmoqchi bo‘lsa, xarajatlarining bir qismi Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan qoplab beriladi.
O‘tgan yilda $5 mlndan ortiq eksport qilgan 55 ta korxonalarga olis va sanoat kirib bormagan tumanlarda filial ochishi uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan besh yilga 10 mlrd so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasida kredit beriladi. Xorijlik dizayner, texnolog, konstruktor va marketologlarning ish haqi qoplab beriladi.
Qo‘yiladigan shart – korxonalar 200 ta ish o‘rni yaratishi va munosib ish haqi to‘lashi kerak.
Mutasaddilarga ushbu rag‘batlarni ishga solib, joriy yilda 20 ta, keyingi yilda yana 30 ta tumanda tikuvchilik fabrikalarini ishga tushirish topshirildi. Bu ishlar Qoraqalpog‘istondan boshlanishi belgilandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ