“O‘zbektelekom” Humans ishi bo‘yicha munosabat bildirdi
Kompaniya, shuningdek, jamoatchilikni chalg‘ituvchi xabarlar tarqatilsa, sudga murojaat qilishi haqida ogohlantirdi

Foto: “O‘zbektelekom”
O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi “Humans” kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi — “Humans Mobile PTE LTD” Markaziy bank va “O‘zbektelekom” xatti-harakatlari ortidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritgandi. “O‘zbektelekom” bunga munosabat bildirdi.
Unda keltirilishicha, Humans virtual operatori, boshqa mobil operatorlardan farqli ravishda, o‘z tarmog‘ini yaratish uchun sarmoya kiritmagan. Shuning uchun u mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatishga 2020-yildan buyon shartnoma asosida “O‘zbektelekom” AK mobil tarmog‘idan foydalanib kelgan.
“O‘zbektelekom” “Humans” operatoriga nisbatan “bozordagi ustun (monopol) mavqesidan foydalanib bosim o‘tkazayotgani” to‘g‘risidagi axborotlar noxolis ekanligini qayd etib o‘tdi.
Aslida Humans o‘z infrastrukturasiga ega “O‘zbektelekom” AKdan tashqari Ucell, Beeline, Mobiuz kabi boshqa mobil operatorlari bilan ham shartnoma asosida xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin, qonunchilikda faqat “O‘zbektelekom” AK bilan mobil infrastrukturadan foydalanish kerak, deb hech joyda belgilanmagan, deyiladi kompaniya munosabatida.
Xizmatlarga “monopol yuqori narx” haqidagi davoga nisbatan esa “O‘zbektelekom” O‘zbekistonda internet xizmatlarini arzonlashtirish bo‘yicha muhim ishlarni amalga oshirib kelayotganini bildirdi. Xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati kengaytirilishi hisobiga operator va provayderlar uchun 1 Mbit/s internet narxi 2017—2024-yillarda 40 barobarga arzonlashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, “Humans” virtual operatori “O‘zbektelekom” mobil tarmog‘idan foydalanib, daromad topsa-da, uni xarajatlarini to‘lashni ortga surib kelmoqda.
Humans uzoq muddat davomida shartnoma majburiyatlarini tizimli ravishda buzib kelgan, yaʼni ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha katta miqdorda qarzdorlikni to‘lamasdan kelgan. “O‘zbektelekom” faqat isteʼmolchilar huquqi buzilmasin, ular “Humans” bo‘ladimi, boshqa operatormi, istemolchi to‘lagan puliga yarasha xizmat olsin, deb o‘z xizmatini davom ettirgan, deyiladi “O‘zbektelekom” munosabatida.
Ta’kidlanishicha, shu munosabat bilan “O‘zbektelekom” AK mavjud qarzdorlikni undirish va kelgusida kompaniyaga zararni kamaytirish maqsadida tegishli sudga daʼvo arizasi kiritishga majbur bo‘lgan. “O‘zbektelekom” AK tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlik yuzasidan 8-may kuni “Humans” kompaniyasiga nisbatan Toshkent shahar iqtisodiy sudi qarori chiqarilgan.
Kompaniya agar kelgusida jamoatchilikni, tartibga soluvchi organlar va biznes hamkorlarni chalg‘ituvchi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan maʼlumotlar tarqatilsa, o‘z ishbilarmonlik obro‘sini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilishi haqida ogohlantirdi.
“O‘zbektelekom” ochiqlik, halol raqobat va amaldagi qonunchilikka rioya qilish tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi. Kompaniya bozordagi istalgan ishtirokchi, jumladan, “Humans” kompaniyasi bilan, ular o‘z majburiyatlarini vijdonan bajargan taqdirda konstruktiv muloqotga ochiq, deya yakunlangan munosabat.
Avvalroq Markaziy bank ham “Humans” O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga da’vo kiritgani yuzasidan munosabat bildirgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ