O‘zbekistonda rasman birinchi mikromoliya banki tashkil etildi
Markaziy bank qarori bilan “Tayyab Finance” mikromoliya tashkiloti faoliyati “Tayanch” mikromoliya banki faoliyatiga aylantirildi
Фото: Yandex
Markaziy bank 24-oktabrda “Tayyab Finance Mikromoliya Tashkiloti” aksiyadorlik jamiyatiga mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish uchun rasmiy litsenziya berdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan “Tayyab Finance” mikromoliya tashkiloti faoliyati “TAYANCH” mikromoliya banki faoliyatiga aylantirildi mikromoliya reyestridan chiqarildi.
Sergeli tumanida joylashgan kompaniyaning ustav kapitali 53,9 mln so’mni tashkil qilib, uning rahbari sifatida Xo’jamurodov Shermuhammad keltirilgan. Ta‘sischilar sifatida Hanipova Almira Faritovna va Mustaqimov Akbarbek Rovshanbek o‘g‘li (har biri 50% dan) qayd etilgan.

Kompaniya iyul oyi oxirlarida regulyatordan dastlabki ruxsatnoma olgan edi. Tartibga ko‘ra, “mikromoliya banki” uchun dastlabki ruxsatnoma 6 oyga amal qiladi va ushbu muddat ichida tegishli tartib-taomillar bajariladi. Keyinchalik “mikromoliya banki” atamasi ham firma nomiga qo‘shilishi lozim.
2025-yilning fevral oyida qabul qilingan qonun bilan O‘zbekistonda mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat berilgan edi.
Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra mikromoliya banki — bu ayrim cheklovlarni inobatga olgan holda bank faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs bo‘lib, mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari zanjirini bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi. Ushbu bank ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, mazkur qonunga muvofiq, quyidagi kredit tashkilotlari o‘z faoliyatini o‘zgartirishi mumkin:
- mikromoliya tashkiloti — mikromoliya banki faoliyatiga;
- mikromoliya banki — bank faoliyatiga;
- bank — mikromoliya banki faoliyatiga;
- mikromoliya banki — mikromoliya tashkiloti faoliyatiga.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ