Tashkent City hududida patrul dronlari sinovdan o‘tkazilmoqda
Uchuvchisiz qurilmalar yuzni aniqlash funksiyasi bilan jihozlangan bu orqali qidiruvdagi shaxsni aniqlash mumkin
Tashkent City hududida uchuvchisiz uchish apparatlaridan patrul vositasi sifatida foydalanish bo‘yicha sinov jarayonlari boshlandi. Bu haqda Axborot multimedia markazi boshlig’i o’rinbosari Qahramon Xudayberganov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, majmua hududida jamoat tartibini ta’minlash maqsadida dronlar yordamida tunu kun kuzatuv olib borilmoqda. Qurilmalar keng hududni qamrab olish va qisqa vaqt ichida belgilangan perimetr bo‘ylab harakatlanish imkoniyatiga ega.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarining ta’kidlashicha, foydalanilayotgan dronlar yuzni aniqlash funksiyasi bilan jihozlangan. Ushbu texnologiya orqali qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash imkoniyati yaratiladi.
Hozircha loyiha sinov tariqasida faqat Tashkent City hududida amalga oshirilmoqda. Tajriba natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda, bunday patrul tizimini poytaxtning boshqa hududlarida ham joriy etish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ