O‘zbekistonda nogironligi bo‘lganlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga kompensatsiya beriladi
1-iyundan bunday tadbirkorlar 50 mln so‘mgacha subsidiya olishlari mumkin

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
8-may kuni nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat nogironligi bo‘lganlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun maxsus xizmatlar tizimini joriy etish, nogironligi bo‘lgan yoshlarni kasblarga o‘qitish tartibini belgilaydi.
2025-yil yakunigacha 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini ta’minlash rejalashtirilgan.
1-iyundan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha subsidiya beriladi. Mablag‘lar surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplashga ajratiladi.
Shuningdek jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida Mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ