Yandex Uzbekistan svetofor chiroqlarini real vaqt rejimida ko‘rsatuvchi funksiyani ishga tushirdi
Tizim sinov tariqasida Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida ishga tushirilgan

Yandex Uzbekistan svetoforlarning chiroqlarini real vaqt rejimida ko‘rsatuvchi funksiyani ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya vakillari “Kapital.uz” ga ma’lum qildi.
Bu funksiya haydovchilarga, ayniqsa ko‘rinish cheklangan joylarda, svetofor holatini oldindan bilib, harakat yo‘nalishini rejalashtirish va YTHlar xavfini kamaytirishga yordam beradi.
Pilot loyiha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etilgan. Hozirda Yandex Maps va Navigator ilovalari orqali Amir Temur shoh ko‘chasi hamda Tiklanish va Gulyor ko‘chalari kesishmasidagi svetofor ma’lumotlarini olish mumkin.
Yangi funksional imkoniyat tirbandliklar haqida prognozlar aniqligini oshirish bilan birga, taksilar yetib kelish vaqtini ham yanada aniqlashtiradi. Kelgusida esa foydalanuvchilar ekranda svetoforning qaysi chirog‘i necha soniyadan so‘ng o‘zgarishini ko‘rsatuvchi teskari taymerni ham ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Bu esa keskin burilishlar va to‘xtash chizig‘ida ortiqcha to‘xtashlarni kamaytiradi.
Kompaniya keyinchalik bu funksiyani boshqa shaharlarga kengaytirish va Yandex Go xizmatida ham joriy qilishni rejalashtirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ