2027-yildan boshlab suv tejovchi qurilmalar joriy qilinmaganda 2 barobar soliq undiriladi

Joriy yil oktabr oyidan boshlab nasos va filtr qurilmalari QR-kodli maxsus belgilar bilan ishlab chiqariladi

2027-yildan boshlab suv tejovchi qurilmalar joriy qilinmaganda 2 barobar soliq undiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorni imzoladi. Hujjat qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tartiblarini belgilaydi.

Qarorga muvofiq, 2027-yildan boshlab suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari hamda subsidiya miqdorlari sug‘oriladigan yerlarning suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab belgilanadi. Suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar uchun subsidiyalar 1,25 koeffitsiyent bilan oshirilgan holda hisoblanadi. Aksincha, suv bilan yetarli ta’minlangan hududlarda bunday texnologiyalar joriy etilmagan taqdirda, suv solig‘i ikki barobar oshirilgan stavkada undiriladi.

Shuningdek, 2027-yildan boshlab sholi yetishtiriladigan maydonlarda suvning kirish qismiga, baliqchilik xo‘jaliklarida esa suvning kirish va chiqish nuqtalariga “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash qurilmalarini tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatish majburiy etib belgilandi. Ushbu qurilmalar o‘rnatilmagan hollarda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi ikki barobarga oshiriladi.

Qarorda 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab suv tejovchi texnologiyalar sohasida texnik va nazorat talablari kuchaytirilishi ham nazarda tutilgan. Endilikda nasos va filtr qurilmalari QR-kodli maxsus belgilar bilan ishlab chiqariladi hamda ularga sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi o‘rnatiladi. Shu sanadan e’tiboran suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish ishlari tasdiqlangan minimal talab va me’yorlar asosida amalga oshirilishi shart bo‘ladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarisiz, o‘z mablag‘lari hisobidan joriy qilayotgan tashabbuskorlar uchun subsidiya ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Unga ko‘ra, loyiha-smeta hujjatlari va ta’minotchi bilan tuzilgan shartnoma asosida subsidiya mablag‘larining 50%i oldindan ajratiladi. Texnologiyalar to‘liq o‘rnatilib, foydalanishga topshirilgach, qolgan 50%i to‘lab beriladi.

Agar subsidiyaning dastlabki qismi ajratilganidan keyin ikki oy ichida texnologiyalar o‘rnatilib ishga tushirilmasa, ajratilgan mablag‘lar belgilangan tartibda qaytarilishi ko‘zda tutilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish raqamlashtiriladi
/
O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish raqamlashtiriladi
O‘zbekistonda patent trolligi insofsiz raqobat deb e’tirof etildi
/
O‘zbekistonda patent trolligi insofsiz raqobat deb e’tirof etildi
O‘zbekistonda usta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya va garovsiz kreditlar ajratiladi
/
O‘zbekistonda usta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya va garovsiz kreditlar ajratiladi