O‘zbekistonda 2028-yilda 460 ming gektar yer qishloq xo‘jaligiga qaytariladi
Ayni vaqtda suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanadigan maydonlar ulushi 50% ga yetgan

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Xususan, 2020−2024-yillarda sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 60 trln so‘m budjet mablag‘i va $622 mln xorijiy investitsiya yo‘naltirildi.
Agar 2020-yilda suvni tejovchi texnologiyalar qo‘llangan maydonlar umumiy sug‘oriladigan yerlarning atigi 4% ini tashkil qilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 50% ga yetdi.
Ana shu sa’y-harakatlarni davom ettirish maqsadida 2025−2028-yillarda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya tarmog‘ini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.
Taqdimotda mas’ul shaxslar dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Dasturda suv resurslaridan oqilona foydalanish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 2,5 kilometr sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Eskirgan nasos stansiyalari uskunalarini tejamkorroq uskunalar bilan almashtirish ularning yillik elektr energiyasini 6,8 dan 6,2 mlrd kilovatt-soatgacha kamaytirish imkonini beradi.
Suv ta’minoti past bo‘lgan maydonlarni 424 ming gektardan 276 ming gektarga qisqartirish, shuningdek, sho‘rlangan va yerosti suvlari yaqin joylashgan yerlarning holatini yaxshilash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Buning samarasida 460 ming gektar yer qishloq xo‘jaligiga qaytadi.
1,4 mln gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar, jumladan, 293 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish joriy etiladi. 20 ta yirik obektda nazorat-o‘lchash uskunalari modernizatsiya qilinadi.
Suv hisobini yuritishda inson omilini kamaytirish ham muhim. Bu borada 12 mingta meliorativ kuzatuv qudug‘ida hamda 1,75 mingta nasosda zamonaviy monitoring yo‘lga qo‘yiladi. 12 ta yirik suv xo‘jaligi inshooti raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkaziladi.
Dastur natijasida beton qoplamali kanallar ulushi hozirgi 39%dan 47% ga yetadi. Irrigatsiya tarmoqlarining sifati oshib, yo‘qotishlar kamayadi. Tejamkorlik hisobiga bu yil 10 mlrd kub metr, 2028-yilga borib 14 mlrd kub metr suv iqtisod qilinishi kutilmoqda, — deyiladi yig‘ilishda.
Davlat rahbari ushbu takliflarni ma’qullab, 2025−2028-yillarda O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish dasturini tasdiqladi.
Taqdimot davomida soha samaradorligini oshirish va raqamlashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish haqida ham ma’lumotlar berildi.
Hozirgi kunda viloyatlar, tumanlar va xo‘jaliklar miqyosidagi 18,75 mingta gidropostni avtomatlashtirish boshlangan. Keyingi bosqich dalalarga suv taqsimlovchi nuqtalarda rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda suv xo‘jaligini raqamlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 11 ta tarmoq dasturini yagona platformaga birlashtirish, “O‘zbekkosmos” imkoniyatlaridan keng foydalangan holda IT-markaz va Vaziyatlar markazini yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.
Prezident 5,2 mingta nasosni elektr va suv hisoblagichlari bilan jihozlash, yirik nasoslarni qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazish vazifasini qo‘ydi. Olingan ma’lumotlar raqamli platformada to‘planadi, unda suvdan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi tahlili o‘tkaziladi.
Hozirgi vaqtda 2,61 mingta suv inshooti xususiy boshqaruvga o‘tkazildi. Endi yirik nasoslar ham xususiy sektorga taklif qilinadi. Ularning har biri uchun alohida jozibador shartlar ishlab chiqiladi, deyiladi yig‘ilishda.
O‘tgan yili tuman irrigatsiya bo‘limlari negizida 159 ta davlat suv ta’minoti xizmati muassasasi tashkil etilgan. Ularning faoliyatini takomillashtirish maqsadida ularga o‘z mablag‘larini mustaqil ravishda taqsimlash huquqini berish ko‘zda tutilgan. Ishchilar malakasini oshirish uchun 200 o‘rinli o‘quv markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Prezident sohadagi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, jamiyatda suvga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish madaniyatini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ