Surxondaryoda $7,1 mlrdlik 44 ta yangi loyiha amalga oshiriladi
Hududda yangi sanoat quvvatlarini ishga tushirish va qurilishini boshlash orqali eksport salohiyatini $1,4 mlrdgacha yetkazish rejalashtirilmoqda
Фото: пресс-служба президента
Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida o‘nlab sanoat obyektlarini foydalanishga topshirdi hamda qator yangi loyihalarga start berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Tashrif davomida Prezidentga xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari taqdim etildi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 63,7 trln so‘mni tashkil etdi. Yirik sanoat korxonalari soni 30 taga, kichik sanoat subyektlari esa 4 820 taga yetdi. Bir yil davomida umumiy ishlab chiqarish hajmi 18,8 trln so‘mga teng bo‘lib, $2,1 mlrd xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. 37 ta davlatga tovar va xizmatlar eksporti hajmi $483 mlnni tashkil qildi.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlari uy-joy qurilishi, foydali qazilmalarni qazib olish, yengil va oziq-ovqat sanoati, energetika, tibbiyot hamda turizm sohalarini qamrab oladi. $1,6 mlrdlik loyihalar Xitoy, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Germaniya va boshqa davlatlar kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Umuman, dastur doirasida jami 44 ta loyiha (umumiy qiymati $7,1 mlrd) nazarda tutilgan. Shundan $741 mlnlik 13 ta korxona allaqachon ishga tushirilgan. Qolgan 31 ta loyiha ($6,3 mlrd) qurilish bosqichida.
Barcha quvvatlar to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 82 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hamda eksport hajmini $1,4 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ