Kelgusi yildan TOP-300” universitetlar bilan hamkorlikda sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi
Mamlakat 2030-yilga qadar sun’iy intellekt bo‘yicha “TOP-50” ta davlat qatoriga kirishni rejalashtirmoqda

Фото: пресс-служба президента
Kapital.uz avval xabar berganidek, bugun prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo’lib o’tdi.
Unda qayd etilishicha, keyingi o‘quv yilidan “Informatika” fani o‘quv dasturlariga sun’iy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqiladi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetida sun’iy intellekt bo‘yicha bu yil 100 nafar, keyingi yil 1,3 ming nafar trener-o‘qituvchi tayyorlanadi. Ular esa kaskad tartibida maktab va oliygohlardagi informatika o‘qituvchilarini o‘qitadi. Har yili eng yaxshi 100 nafar informatika o‘qituvchisi xuddi vazirlik va hokimliklarning salohiyatli mutaxassislari kabi sun’iy intellekt rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.
“Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida “Bir million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasi ham boshlandi. Bu yil 100 ming, kelasi yil kamida 500 ming yoshlar o‘qitiladi.
Loyiha bilan maktab o‘quvchilarini ham qamrab olish muhimligi ta’kidlandi. Bundan buyon har yili sun’iy intellekt bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilib, eng yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar, ularning ustozlari va ta’lim tashkilotlari munosib rag‘batlantiriladi.
Bunda 500 nafar yoshlar – noutbuk, 100 nafar o‘qituvchi – 1 ming dollardan mukofot, 2 ta ta’lim tashkiloti – elektromobil bilan taqdirlanadi.
Selektor davomida prezident soha uchun yiliga 2 ming nafar mutaxassis tayyorlayotgan oliygohlarning birortasida sun’iy intellekt laboratoriyasi yo‘qligiga e’tibor qaratdi.
Keyingi o‘quv yiliga qadar 10 ta oliy ta’lim muassasasini zamonaviy laboratoriya bilan jihozlash reja qilingan. Shu bilan birga, banklarning bittadan oliygohda, jami 9 ta shunday laboratoriya tashkil qilish tashabbusi ma’qullandi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetida “tarmoq – oliygoh – hamkor” tamoyilida ishlaydigan “sun’iy intellekt klasteri” ishga tushiriladi. Keyingi o‘quv yilidan “TOP-300” talikka kirgan universitetlar bilan hamkorlikda sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Oliygohlarda sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, IT muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35% ga oshiriladi. Talabalarning sun’iy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida oliygoh jamoalari o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy tanlov o‘tkaziladi.
Qulay ekotizim yaratilgani uchun yil boshidan mahalliy startaplarga rekord miqdorda – $264 mln sarmoya kiritildi. Lekin bunda sun’iy intellekt sohasidagi startaplar ulushi hali kamligi aytildi.
Shu bois, bunday startaplarni ko‘paytirish maqsadida mukofot jamg‘armasi $1 mln bo‘lgan “Sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovini o‘tkazish taklif qilindi.
Biz 2030-yilga borib, sun’iy intellekt bo‘yicha “TOP-50” ta davlat qatoriga kirishni maqsad qilganmiz.
Shu bois, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, “Sun’iy intellekt alyansi”ni tashkil qilamiz,– deya ta’kidladi Prezident.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ