Startup Garage Shimoliy Afrika bozoriga chiqdi
Bu mintaqada faoliyat boshlagan birinchi Markaziy Osiyo venchur studiyasi hisoblanadi

Startup Garage bu hafta Marokashdagi GITEX Africa sammitida ishtirok etganidan so‘ng Shimoliy Afrika bozoriga kirdi.
Bu Shimoliy Afrikada o‘z faoliyatini boshlagan birinchi Markaziy Osiyo venchur studiyasi bo‘lib, ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlab,tadbirkorlar uchun yangi investitsiya imkoniyatlarini ochdi.
Shuningdek, Dohadagi ofis va Kasablankadagi yangi venchur studiya xalqaro hamkorlikni kengaytirish va o‘zbek tadbirkorlari uchun global yo‘llarni ochishga xizmat qiladi.
Startup Garage asoschisi Muhammad Halil: “GITEX’ning Marokashda o‘tkazilishi startap-hablar rivojlanayotgan bozorlarda rivoj topayotganining yaqqol dalilidir. Ishonchim komilki, bizning Shimoliy Afrika hamkorlarimiz bilan bo‘lajak o‘zaro hamkorlik sermahsul bo‘ladi”, — deya ta’kidladi.
AloqaVentures boshqaruvchi sherigi va Startup Garage’ning asosiy homiysi Suxrob G‘aybullayev izoh berishiga ko’ra, Startup Garage mamlakatdagi eng istiqbolli startaplar uchun muhim boshlang‘ich maydonchaga aylanadi. Bu yerda ishlab chiqilgan g‘oyalar mamlakat rivojiga real ta’sir ko‘rsatishga qodir va O‘zbekistonni innovatsiyalar markazi sifatida tanitadi.
Startup Garage — O‘zbekistonning barcha 14 viloyatidagi startaplar ekotizimini qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi venchur studiyasidir.
Bugungi kunda Startup Garage portfelida 150 dan ortiq startap mavjud bo‘lib, ulardan 10 dan ortig‘i jami $2 mlndan ortiq tashqi investitsiyalarni jalb qilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ