O‘zbekiston startap ekotizimiga kiritilgan investitsiyalar hajmi $329 mlnni tashkil etdi
IT-parkda 2025-yilda 140 ta bitim tuzildi, eng katta investitsiya sun'iy intelekt tizimiga oid sohalarga kiritilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston startap ekotizimining umumiy bahosi Dealroom.co ma’lumotlariga ko’ra, 2020–2025-yillar yakuniga ko‘ra $3,9 mlrdni tashkil etdi, deb xabar bermoqda IT-park matbuot xizmati Kapital.uz’ga.
Hisobotga ko‘ra, qiymati $1 mlrddan oshgan 2 ta texnologik kompaniya mavjud. 2024-yilda startaplar soni 400 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 750 taga yetgan.
Mamlakatda startaplarga kiritilgan investitsiyalar hajmi $329 mlnni tashkil etdi, 2023-yilda bu ko‘rsatkich $6,3 mln, 2024-yilda $69,5 mln bo‘lgan (umumiy o‘sish esa 522%).
Bitimlar soni ham keskin oshdi: 2023-yil — 34 ta, 2024-yil — 38 ta, 2025-yil — 140 ta, bunda o‘sish sur’ati 411% ga teng.
O’tgan yilda tuzilgan 140 ta investitsiya bitimining asosiy qismi dastlabki bosqichlarga to‘g‘ri kelgan. Xususan, bitimlarning 61% Pre-Seed, 31% Seed bosqichida amalga oshirilgan. Series A va undan keyingi rivojlanish bosqichlari ulushi esa 8%ni tashkil etgan.
Jalb etilgan jami $329 mln investitsiyaning asosiy qismi xorijiy manbalarga to‘g‘ri kelgan. Xususan, $293 mln yoki 89,18% xorijiy kapital hissasini tashkil etgan bo‘lsa, $35 mln (10,82%) mahalliy investorlar ulushiga to‘g‘ri kelgan.
Bitimlar soni kesimida esa 125 ta kelishuv mahalliy investorlar ishtirokida, 16 ta bitim xorijiy investorlar bilan amalga oshirilgan.
Eng yirik investorlar
Xorijiy investitsiyalar orasida eng katta bitim “Halyk” tomonidan $176,4 mln miqdorida amalga oshirilgan. Shuningdek, Tencent ($115 mln) va boshqa investorlar ishtirok etgan.
Mahalliy investitsiyalarda Angel investorlar $13,5 mln, “IT Park Ventures” $7,1 mln, AloqaVentures $5,2 mln, TBC Bank $5 mln miqdorida mablag‘ yo‘naltirgan.
Yo‘nalishlar
Investitsiyalarning eng katta ulushi quyidagi sohalarga to‘g‘ri kelgan:
- AI — 24,4%;
- E-commerce — 12,5%;
- SaaS — 11,7%;
- ERP & CRM — 10,1%;
- EdTech — 9,4%.
Shuningdek, FinTech (7%), SocialTech (4,7%), Logistics (3,9%), AdTech (3,1%), HealthTech (3,1%) va POS (2,3%) yo‘nalishlarida ham bitimlar qayd etilgan.
Mahalliy bitimlar bo‘yicha o‘rtacha chek hajmi $285 mingni, xorijiy investitsiyalar bo‘yicha esa $18,34 mlnni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ