Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Qaror QQS bilan bog‘liq muammolar va soliq ma’murchiligidagi kamchiliklar tanqid qilingach qabul qilindi

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev xizmat vazifalariga loqayd munosabatda bo‘lgani uchun lavozimidan ozod etildi.

Yig‘ilishda davlat rahbari qo‘mitaning qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) yo‘nalishidagi faoliyatini keskin tanqid qildi. Xususan, ayrim hollarda sun’iy QQS ortiqcha to‘lovlari shakllantirilib, ularni noqonuniy ravishda byudjetdan qaytarib olish holatlari ko‘paygani qayd etildi. O‘tgan yilda bunday holatlar bo‘yicha soliq organlarining 20 nafar xodimiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Toshkent shahridagi vaziyatga ham alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum bo‘lishicha, poytaxt soliq boshqarmasi byudjet rejasini asosan halol tadbirkorlardan ortiqcha mablag‘ undirish hisobiga bajargan. Natijada 46,4 mingta korxonadan 876 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha mablag‘ undirib olingan.

Prezident “Chorsu” bozori va “Malika” savdo majmuasidagi soliq intizomiga ham tanqidiy baho berdi. “Malika”da faoliyat yuritayotgan qariyb 1,5 ming tadbirkorning faqat chorak qismi rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan. Savdogarlarning 25%i oyiga 1 mln so‘mdan kam soliq to‘laydi. Dekabr oyida majmua hududida 600 mlrd so‘mlik tushum yashirilgani aniqlangan.

Shuningdek, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yu. Nasimjonov va Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi rahbari X. Mullajonov ham lavozimidan ozod etildi. Ularning faoliyatini o‘rganish va qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.

Soliq qo‘mitasi raisiga Toshkentdagi barcha tuman soliq inspeksiyalari rahbarlarini ishdan bo‘shatib, vaqtincha ijro etuvchilarni tayinlash vazifasi yuklatildi.

Bosh prokuratura huzuridagi departament tizimida ham o‘zgarishlar amalga oshirildi. Shahar boshqarmasi rahbarining o‘rinbosari A. G‘aniyev tadbirkorlarga soliqdan bo‘yin tovlashda ko‘maklashgani uchun ishdan bo‘shatildi.

Soliq qo‘mitasi raisi F. Po‘latov va yangi komplayens bo‘yicha o‘rinbosar A. Soliyevga korrupsiyaga murosasiz muhit yaratish, poytaxtdagi soliq rahbarlarini qayta baholash va ularning o‘rniga tashabbuskor yosh kadrlarni jalb qilish topshirildi. Toshkentda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish mas’uliyati A. Soliyev va shahar hokimi o‘rinbosari M. Mirhamidov zimmasiga yuklatildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Davlat aktivlari agentligi rahbari yer arzon sotilgani ortidan ishdan olindi
/
Davlat aktivlari agentligi rahbari yer arzon sotilgani ortidan ishdan olindi
Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekistondagi ikkita loyihaga $138 mln investitsiya kiritadi
/
Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekistondagi ikkita loyihaga $138 mln investitsiya kiritadi
Yangi Bank omonatchilariga kompensatsiyalarni Biznesni rivojlantirish banki to‘laydi
/
Yangi Bank omonatchilariga kompensatsiyalarni Biznesni rivojlantirish banki to‘laydi