Soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirishda yangi tizim joriy etiladi

Bunda mol-mulkni onlayn auksion orqali sotish, ijro jarayonlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan

Soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirishda yangi tizim joriy etiladi

Bosh prokuratura Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirishda yangicha yondashuvni joriy etadi. Bu haqda prezidentning 1-apreldan kuchga kirgan farmonida belgilandi.

Farmonga ko‘ra, ijro hujjatlari bo‘yicha mol-mulkni undiruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan protsessual hujjatlar asosida davlat ijrochisining qarori bilan elektron onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.

Yuridik shaxslarning mol-mulkini xatlash, ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari soliq organining soliq qarzini undirishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha — soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan, garov bilan ta’minlangan majburiyatlarni bajarish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha davlat ijrochisining topshirig‘iga asosan tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda davlat ijrochilarining mol-mulklarni xatlash va ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq huquqlari saqlanib qolinadi.Ijro hujjatlari bo‘yicha savdolarni tashkil etish bilan bog‘liq hujjatlar (garov hujjatlari, xatlov, ko‘zdan kechirish dalolatnomalari, auksion savdo natijalari hamda undiruvchiga topshirilgan mol-mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqa hujjatlar) elektron platformalar orqali yuboriladi.

Soliq organining mansabdor shaxsi yoki tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshirilgan xatlash va ko‘zdan kechirish dalolatnomalariga asosan realizatsiya qilingan yoki taklif etilgan mol-mulklarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xatarlar rasmiylashtiruvchi idoralar zimmasida qoldiriladi.

Ayrim toifadagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb e’lon qilinganda yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda unga nisbatan yuritilgan ijro ishlari davlat ijrochisining qarori bilan tugatish amaliyoti joriy qilinadi.

Qonunda nazarda tutilgan ayrim toifadagi ijro hujjatlarini majburiy ijroga taqdim etilgunga qadar tegishli davlat organiga, tashkilotga yoki uning mansabdor shaxsiga topshirish undiruvchining huquqi sifatida belgilanadi. Ushbu ijro hujjatlari toifasiga undiruvni undiruvchi-yuridik shaxslar tomonidan qarzdor-jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari kiritiladi.

Ijro ishlari doirasida qarzdor yuridik shaxslarning xatlangan hisob raqamlariga kelib tushayotgan mablag‘lardan ish haqi va kommunal to‘ovlar uchun foydalanishga ruxsat berish tizimi joriy qilinadi.

Farmonga ko‘ra, muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlari asosida vujudga kelgan majburiyatlarni undirish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklatiladi. Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasidan tijorat banklari tomonidan moliyalashtiriladigan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha 400 ta ixtisoslashtirilgan davlat ijrochisi shtat birligini ajratiladi.

Alimentdan qarzdorlarga 2026-yil 1-maydan boshlab aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguncha qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etilishi ham belgilandi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlariga asosan davlat daromadiga o‘tkazilishi nazarda tutilgan avtotransport vositalari va ko‘chmas mulklar davlat ijrochisining qarori asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

SpaceX tarixdagi eng yirik — $50 mlrdgacha bo‘lgan IPOga tayyorlanmoqda
/
SpaceX tarixdagi eng yirik — $50 mlrdgacha bo‘lgan IPOga tayyorlanmoqda
Toshkentda 2026-yil oxirigacha barcha avtomobillarga ekostiker beriladi
/
Toshkentda 2026-yil oxirigacha barcha avtomobillarga ekostiker beriladi
Qurilish loyihalarida “shamollar yo‘nalishi” ekologik ekspertizada hisobga olinadi
/
Qurilish loyihalarida “shamollar yo‘nalishi” ekologik ekspertizada hisobga olinadi