Soliq qarzdorligi uchun elektr uchun to‘lov cheklanish tartibi 6 oy sinovdan o‘tkaziladi

Soliq qo‘mitasi ma'lum qilishicha, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ushbu mexanizm tatbiq etilmaydi

Soliq qarzdorligi uchun elektr uchun to‘lov cheklanish tartibi 6 oy sinovdan o‘tkaziladi

Soliq qo‘mitasi avvalroq O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshganda elektr ta’minotidan uzilishi haqida xabar bergan edi.

Tizim 16-apreldan boshlab Namangan viloyatida sinov tariqasida joriy etilishi belgilangan.

27-mart kuni kuni bo‘lib o‘tgan media muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ushbu tizimga oid qo‘shimcha ma’lumotlar bilan bo‘lishdi, deb xabar bermoqda Kapital.uz jurnalisti.

Abdiyevning ta’kidlashicha, tizim bevosita elektr energiyasini o‘chirishni nazarda tutmaydi. Aksincha, agar fuqaroning soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshsa, u holda elektr energiyasi uchun to‘lovni amalga oshirish vaqtincha cheklanadi.

Shu bilan birga, bunday qarzdorlik odatda kamida 2–3 yil davomida soliq to‘lanmagan holatlarda yuzaga kelishi qayd etildi. Chunki mol-mulk va yer soliqlari yiliga ikki marta — 15-aprel va 15-oktabrda to‘lanadi.

Tizim ishlash mexanizmiga ko‘ra, elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirilayotganda fuqaroning boshqa majburiy to‘lovlari, jumladan soliq qarzdorligi ham avtomatik tekshiriladi. Agar qarzdorlik mavjud bo‘lsa, to‘lov qabul qilinmaydi.

Qarzdorlik bartaraf etilgach, tizimlar o‘rtasidagi integratsiya orqali ma’lumotlar 20–30 soniya ichida yangilanadi va to‘lovni amalga oshirish imkoniyati tiklanadi.

Shuningdek, tizimni joriy etish jarayonida ayrim muammolar aniqlangani ma’lum qilindi. Xususan, elektr tarmoqlari va kadastr ma’lumotlari o‘rtasidagi nomuvofiqliklar — mulk egasi va foydalanuvchi shaxs turlicha bo‘lishi holatlari ko‘p uchragan. Ushbu kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilgan.

Muhim jihatlardan biri — ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ushbu mexanizm tatbiq etilmaydi. Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar hamda ijtimoiy reyestrga kiritilgan aholi uchun cheklovlar qo‘llanilmaydi.

Eksperiment 2026-yil aprel oyidan boshlanib, oktyabrgacha davom etadi. Natijalarga ko‘ra, tizimning samaradorligi baholanadi va keyinchalik uni kengaytirish yoki takomillashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun o‘sdi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun o‘sdi
Markaziy bank 1 mlrd so‘mdan ortiq naqd tushumlarni yuqori xavfli operatsiya deb tan olishi mumkin
/
Markaziy bank 1 mlrd so‘mdan ortiq naqd tushumlarni yuqori xavfli operatsiya deb tan olishi mumkin
O‘zbekistonda minimal aliment 715 ming so‘mga oshirilishi mumkin
/
O‘zbekistonda minimal aliment 715 ming so‘mga oshirilishi mumkin