Sirdaryo viloyatiga $5mlrd investitsiya bilan 900 gektarlik sanoat zonalari tashkil qilinadi
Mingdan ortiq xonadon o‘rnida 15 ming xonadonli zamonaviy uy-joylar quriladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-fevral kuni Sirdaryo viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, ish o‘rinlari va investitsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha 2025 yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Sirdaryodagi 900 gektar yer maydonida sanoat zonalari tashkil qilinadi. Bu $5 mlrd investitsiya olib kelib, 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratadi. Loyihalar Sirdaryo, Shirin, Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Guliston, Oqoltin va Sardobada joylashadi.
Viloyatdagi 500 ming kvadrat metr maydonida savdo-servis maydoni tashkil etib, 50 ming odamning bandligini ta’minlash mumkin.
Bundan tashqari, kartoshka, piyoz, maymunjon, qorag‘at va olcha maydonlari kengaytiriladi. Tomorqa, dala va kanallar chetidagi 38 ming gektarga qayta ishlovchi va eksportchilar biriktiriladi.
8 ta tumandagi past rentabelli 25 ming gektar yer sholi yetishtirishga o‘tkaziladi. Sholichilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun mahsulotning 50% qismini eksport qilishga ruxsat beriladi.
Mingdan ortiq xonadon o‘rnida 15 ming xonadonli zamonaviy uy-joylar qurilishi ko‘zda tutilgan. Yangi xonadonlar arzon bo‘lishi uchun developerlarga soliq, bojxona imtiyozlari beriladi. Shuningdek, viloyatdagi yo‘l, elektr, uy-joy, irrigatsiya, bog‘cha, maktab va boshqa ijtimoiy obyektlarni yangilashga $100 mln yo‘naltiriladi.
Guliston shahrini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlashga zarur mablag‘ ajratish va bu ishlarni 2025-yil 1-iyulga qadar yakunlash topshirildi. Shuningdek, Guliston va Shirin shaharlarda urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida ularning hududini kengaytirish taklifi ma’qullandi.
Yil davomida $2 mlrd investitsiya jalb etib, eksportni $500 mlnga yetkazish vazifasi belgilandi. Buning natijasida 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rni ochilishi, kambag‘allik darajasi 7,4% ga tushishi qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ