Senat O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish tartibini belgilovchi qonunni ma’qulladi
Xususan, SI texnologiyalari yordamida shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni internetda tarqatishga yo'l qo'yilmaydi
Foto: Oliy Majlis Senati
1-noyabr kuni Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash hamda ushbu sohadagi davlat organining vakolatlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan: “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunda “sun’iy intellekt” tushunchasiga ta’rif berilmoqda va sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, huquqiy, texnologik va iqtisodiy asoslarni belgilash axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanmoqda.
Bundan tashqari, axborotlashtirish sohasidagi maxsus vakolatli organning sun’iy intellekt sohasidagi uchta asosiy vazifasi belgilanmoqda:
- sun’iy intellekt yo‘nalishiga investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoitlar yaratish;
- davlat organlarining ma’lumotlarini sun’iy intellekt asosida qayta ishlash uchun texnik infratuzilmani shakllantirish;
- suniy intellekt yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish.
Shuningdek, qonun bilan axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanish tartibining umumiy qoidalari belgilanmoqda.
Xususan, sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari hamda bu sohadagi axborot tizimlari insonga, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni hamda qadr-qimmatiga putur yetkazmasligi va uning boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligi shartligi qayd etilmoqda.
Sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida qonunga xilof ravishda shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni OAV yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyati belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, qonun loyihasini ishlab chiqishda AQSh, Kanada, Yevropa ittifoqi, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlari qonunchilik tajribasi o‘rganilgan.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ