Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasiga yangi talablar joriy etiladi
Xususan, Chorvoq va Chirchiq daryosiga oqova suvlarni oqizish taqiqlanadi

O‘zbekiston hukumati Chorvoq suv ombori qirg‘og‘idagi Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti loyihasiga ekologik talablarni belgilaydi. Bu haqda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, hujjatda faollarning e’tirozlari inobatga olingan va Ozarbayjonning “Agalarov Development” kompaniyasiga bir qator shartlar va majburiyatlar qo‘yiladi.
Jumladan, Toshkent shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi Chorvoq suv omboriga qurilayotgan loyihalardan suv tushishi xavotir uyg‘otayotgan edi.
Qo‘yilgan talablardan biri — Chorvoq va Chirchiq daryosiga suv tushirilmaydi. Investor ushbu loyiha uchun suvni qayta ishlaydigan va yana o‘ziga ishlatadigan zamonaviy tizim yaratadi, bu borada xarajatlar to‘liq investor hisobidan amalga oshiriladi.
Hukumat qarorida agar qoidalar buzilsa va Chorvoqqa bir tomchi suv tushirilsa ham, loyiha qurilishi to‘xtatilishi hamda investitsiya shartnomasi bekor qilinib, yer olib qo‘yilishi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda, — deyiladi xabarda.
Bosh prokuratura kurort hududida barcha shaharsozlik va ekologik me’yorlarga rioya etilishini alohida nazoratga oladi.
Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura dastlabki loyiha yechimlaridan tortib, obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning shaffofligi va qonuniyligini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Bloger Nikita Makarenko “insayder ma’lumotlari”ga tayanib, O‘zbekiston hukumati va Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasi o‘rtasida investorga “qat’iy cheklovlar” qo‘yadigan investitsiya shartnomasi tuzilishi rejalashtirilayotganini yozdi.
Nazorat qilish Ekologiya vazirligi, DXX va Bosh prokuraturaga yuklatiladi. Vazirlar Mahkamasi qarori “yaqin vaqt ichida” e’lon qilinishi kutilmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.
Ushbu normalar Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosining suvni muhofaza qilish zonalaridagi barcha inshootlarga, shuningdek, kelajakdagi barcha shunday inshootlarga tatbiq etilishi rejalashtirilgan. Taftish o‘tkaziladi va barcha uchun oqova suvlarni ichimlik suvi manbalariga oqizish taqiqlanadi, — deya ta’kidladi Makarenko.
Material e’lon qilingan vaqtda bu borada rasmiy bayonot berilmagan, Vazirlar Mahkamasining qarori esa hali e’lon qilinmagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ