Saudiya Arabistoni 2026-yildan xorijliklarga ko‘chmas mulk sotib olishga ruxsat beradi
Bunda mulkdorning cheklangan ulushi 70% dan 90% gacha bo‘ladi
Saudiya Arabistoni hukumati 2026-yildan e’tiboran chet el fuqarolariga qirollik hududida ko‘chmas mulk sotib olishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Bloomberg.
Hukumat investitsiyalarni jalb qilish va “Vision 2030” iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish strategiyasi doirasida ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlarni ishlab chiqmoqda. Tegishli farmon iyul oyida qabul qilingan bo‘lib, o‘zgartirishlar 2026-yil yanvar oyida qabul qilinishi kutilmoqda.
Qonunning yangi tahriri xorijliklarga uy-joy, tijorat, sanoat va qishloq xo‘jaligi obyektlari, shuningdek, alohida hududlarda qurilish uchun uchastkalar sotib olish imkonini taqdim qiladi. Sotuvlar mamlakatning to‘rtta yirik shahri — Ar-Riyod, Makka, Madina va Jiddada amalga oshiriladi.
Ko‘chmas mulk umumiy boshqarmasining caudiyalik bo‘lmagan shaxslarga ko‘chmas mulk egaligini taqdim etish bo‘yicha ijrochi direktori Bin Sulaymonning ta’kidlashicha, Makka va Madinada ko‘chmas mulk sotib olish uchun xaridorlar musulmon bo‘lishi shart, biroq ular bundan boshqa jiddiy cheklovlarga duch kelmaydi.
Shuningdek, hududlarda chet el mulkining cheklangan ulushi 70% dan 90% gacha bo‘ladi.
Zonalarning aniq ro‘yxati tuzatishlar tasdiqlangandan keyin belgilanadi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni ko‘chmas mulkka ulushli egalik qilishni joriy etadi va xorijiy investorlarga mahalliy kompaniyalarning nazorat paketlarini sotib olishga ruxsat beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ